Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani hududida elektrovoz temir yo‘lni kesib o‘tayotgan Matiz bilan to‘qnashdi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Ma’lum qilinishicha, 2020-yil 7-fevral kuni taxminan soat 06:20 da Mirzo Ulug‘bek tumanidan o‘tuvchi Kichik halqa avtomobil yo‘lidagi “Salar” temir yo‘l bekati yaqinida elektrovoz va Matiz avtomobili ishtirokida yo‘l-tansport hodisasi yuz bergan. Temir yo‘lning tartibga solinmagan qismidan 66 yoshli Aleksandr A. boshqaruvidagi Matiz avtomobili o‘tayotgan vaqtida, Ohunboboyev—Chuqursoy yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangan mashinist Bahrom R. boshqaruvidagi elektrovoz avtomobilga kelib urilgan.

IIBB tomonidan ma’lum qilinishicha, YTHga Matiz haydovchisi yaqinlashayotgan poyezd yo‘qligiga ishonch hosil qilmasdan hamda uni o‘tkazib yubormasdan temir yo‘lni kesib o‘tgani sabab bo‘lgan.

Avvalroq, Surxondaryoda poyezd va Damas to‘qnashuvi oqibatida 1 kishi jarohatlangan edi. Toshkentning Sergeli tumanida esa “Gazel” mashinasi yuk poyezdiga urilgani haqida xabar berilgan edi. Samarqandda yanvar oyida  poyezd urib ketishi oqibatida 3 kishi vafot etgan. Ularning biri 8-sinf o‘quvchisi bo‘lgan.