Qozog‘iston hukumati huzuridagi Idoralararo komissiya tomonidan koronavirusning Qozog‘iston hududida tarqalishining oldini olish maqsadida bir qator qo‘shimcha muhofaza choralari ko‘rildi. Bu haqda Tengrinews xabar bermoqda.

Foto: Tengrinews

Jumladan, 29-yanvardan boshlab Qozog‘iston va Xitoy o‘rtasida avtobus qatnovlari, 1-fevraldan yo‘lovchi poyezdlari qatnovlari, 3-fevraldan esa muntazam aviaqatnovlar to‘xtatiladi. Shuningdek, Xitoy fuqarolariga viza berish ham to‘xtatilgan.

“Idoralararo komissiya tomonidan vaziyat kecha-yu kunduz kuzatib borilmoqda. 29-yanvar holatiga ko‘ra Qozog‘iston hududida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan. Ushbu masala davlat rahbariyatining alohida nazorati ostida turibdi”, — deyiladi rasmiy xabarda.

Qayd etish joiz, 2019-nCoV koronavirusining o‘chog‘i Xitoyning Uxan shahrida joylashgan. Xitoyda ushbu zotiljam kasalligi bilan xastalanganlar soni qariyb 6 ming kishiga yetgan, ulardan 132 nafari vafot etgan.

Xabar berishlaricha, gonkonglik olimlar koronavirusga qarshi vaksinani tayyorlab bo‘lgan, biroq uni hayvonlarda sinab ko‘rish uchun bir necha oy vaqt ketadi, odamlarda klinik sinovlar o‘tkazish uchun esa yana bir yil kerak bo‘ladi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonga koronavirus infeksiyasi kirib kelmagani, shu vaqtgacha mamlakat hududida ushbu kasallikni yuqtirish bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmaganini deyarli har kuni takrorlamoqda, biroq rasmiylar Xitoydan kelayotganlarga nisbatan alohida, favqulodda muhofaza choralarini ko‘ryaptimi, Xitoy bilan aviaqatnovlarni cheklash masalalarini ko‘rib chiqayaptimi yoki yo‘q — hozircha noma’lum (qayd etish joiz, Xitoydan O‘zbekistonga qaytish istagi besh barobarga oshgan). Masalan, hukumat rahbari Abdulla Aripov koronavirus masalasida 28-yanvar kuni yig‘ilish o‘tkazgani 29-yanvar kuni kutilmaganda — Xalqaro press-klub sessiyasida ma’lum bo‘ldi.