Qashqadaryo viloyatida 26-yanvar kuni taxminan soat 18:50 larda noma’lum shaxs Qarshi shahar, 7-kichik tumandagi uylar oldida turgan fuqaro A.X.ga tegishli Nexia-2’ning old eshik oynasini sindirish yo‘li bilan ochib, noma’lum tomonga olib qochgan.
IIV huzuridagi Tergov departamentining xabar berishicha, tezkor qidiruv tadbirlari natijasida uni mast holatda bo‘lgan 37 yoshli A.Yu. sodir etgani aniqlangan. U shu kuni soat 20:00 da mashinani Mustaqillik shoh ko‘chasida joylashgan “Oila markazi” binosi qarshisida haydab ketayotganida o‘zidan oldindagi Nexia-3’ga urilib, yo‘lning qarama-qarshi yo‘nalishidan kelayotgan Lacetti bilan to‘qnashgan holatda topilgan.
Voqea oqibatida haydovchi A.Yu. turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Qarshi shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro A.Yu.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 267-moddasi 2-qismi “g” bandi (Transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)