O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish bo‘yicha “Elektron sog‘liqni saqlash” loyihasi 600 million dollar atrofida baholanmoqda. Bu haqda Bosh vazir Abdulla Aripov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yig‘ilishida ma’lum qildi, deya xabar beradi “Gazeta.uz”.
“Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish — katta jarayon. Bu ishni kompyuter qo‘yish bilan hal qilib bo‘lmaydi. Ma’lumotlar bazasini yaratish lozim, bu teletibbiyot, masofaviy muloqot orqali tashxis qo‘yishni anglatadi. Bu juda murakkab tizim, bir kunda uni yaratib bo‘lmaydi. Texnik-iqtisodiy asoslarni hisoblaganimizda 600 million dollar atrofida chiqdi, lekin bu xorijdan xarid qilganimizdagi ma’lumotdir”, — dedi Aripov.
Bosh vazirga ko‘ra, Prezident farmoniga binoan O‘zbekiston 2025-yilga kelib to‘liq tibbiy sug‘urta tizimiga o‘tadi. Ushbu muddatgacha “Elektron sog‘liqni saqlash” loyihasini yakunlash ko‘zda tutilmoqda.
“Hech bir davlat bu tizimga bir yilda o‘tmagan. Uning qiymati 600 million dollarga yetmasa kerak, chunki mahalliy dasturchilar yordamida amalga oshirishni rejalashtiryapmiz”, — deydi Bosh vazir.
Izoh (0)