Rossiyaning Nijegorod viloyati Volodarsk tumani hududidagi M-7 Moskva—Nijniy Novgorod trassasida 22-yanvar, chorshanba kuni mikroavtobus ishtirokida YTH yuz berdi.
O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi bergan ma’lumotlarga tayanib TIV matbuot xizmatining xabar berishicha, hodisa oqibatda mazkur avtotransport haydovchisi, O‘zbekiston fuqarosi B.X. olgan tan jarohatlari natijasida voqea joyida vafot etgan.
Shu kuni Chelyabinsk viloyati hududidagi Chelyabinsk—Troitsk avtomobil yo‘lida yengil avtomashinaning yuk avtomashinasi bilan to‘qnashishi sodir bo‘lgan. O‘zbekistonning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasining xabar qilishicha, YTH oqibatida yengil avtomobilning haydovchisi va barcha yo‘lovchilari, jumladan, O‘zbekiston fuqarosi V.P. halok bo‘lgan.
Qayd etilishicha, vaziyat O‘zbekistonning Qozon va Yekaterinburg shaharlaridagi Bosh konsulxonalari tomonidan nazoratga olingan bo‘lib, Rossiya Nijegorod va Chelyabinsk viloyatlarining mahalliy vakolatli organlari bilan aloqada bo‘lib turibdi.
Shuningdek, halok bo‘lganlarning jasadlarini Vatanga yuborish bo‘yicha konsullik-huquqiy va tashkiliy masalalarni hal qilish bilan shug‘ullanmoqda.
Avvalroq Qozog‘istonda yuz bergan YTHda O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani xabar berilgan edi.
Izoh (0)