Ob-havo sharoitining keskin yomonlashuvi hamda kuchli qor bo‘ronlari sabab Qozog‘istonning 9 viloyatidagi 48 ta yo‘l uchastkasida barcha turdagi avtotransport vositalarining harakatlanishi to‘xtatildi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar bermoqda.
Qozog‘iston Respublikasi Sanoat va infratuzilmalarni rivojlantirish vazirligi mabuot xizmati tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, O‘skemen—Ridder—Rossiya Federatsiya chegarasi avtoyo‘lining 15—105 kilometri oralig‘idagi (Belousovka-Ridder) uchastkasi tirkamali va yarim tirkamali yuk avtomobillari uchun yopilgan.
O‘skemen—Shemonaixa—Rossiya Federatsiya chegarasi trassasining 15—105 kilometri (Glubokoye—Shemonaixa) uchastkasi tirkamali va yarim tirkamali yuk avtomobillari uchun yopildi.
Semey—Qaynar trassasining 8—144 kilometri oralig‘idagi (Semey—Sarjal), O‘skemen—Shemonaixa—Rossiya Federatsiya chegarasi trassasining 105-123 kilometri oralig‘idagi (Shemonaixa—Rossiya Federatsiya chegarasi) uchastka ham yopilgan.
“Aqto‘be—Bolgarka—Shubarquduq” trassasi 17 kilometri (Sazdi ovuli) — 190 kilometrigacha (“Aqto‘be—Astraxan” trassasi) bo‘lgan qismida harakat butunlay to‘xtatilgan.
Transport vazirligi haydovchilarga ob-havo sharoiti yaxshilangunga qadar yo‘lga chiqmasliklarini tavsiya etgan.
Favqulodda vaziyatga yo‘liqqan haydovchilar “1403” raqamiga murojaat qilishi mumkin ekani aytiladi.
Avvalroq Aqto‘beda yuz bergan YTH oqibatida O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)