Viloyatda talab yuqori bo‘lgan va mutaxassislar yetishmayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha respublika oliygohlarida ta’lim olayotgan 100 nafar talabaning shartnoma puli mahalliy byudjet hisobidan, chet elda aniq fanlar yo‘nalishida o‘qiyotgan 10 nafar talabaning kontrakti esa hokimlik zaxirasidan to‘lab beriladi. Bu haqda Namangan viloyati hokimi Xayrullo Bozorov ma’lum qildi, deya xabar beradi “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev.
Bunday imtiyoz taqdim etilgan yoshlar bilan o‘qishni tamomlagach viloyat hududida va o‘z sohasida 5 yil ishlab berish yuzasidan shartnoma imzolanadi.
Norin tumanida yoshlar vakillari bilan uchrashgan Xayrullo Bozorov 2020-yildan boshlab viloyatda hayotga tatbiq etiladigan yoshlar masalalariga oid yangi dasturni e’lon qildi.
Unga ko‘ra, viloyat yoshlari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, takliflar hamda muammolarni yuborishlari uchun viloyat hokimligi qoshida “Yoshlar murojaati” veb-sayti tashkil etiladi. Shuningdek, murojaatlarni tezkor tarzda qabul qilish uchun viloyat hokimligida Sall-center faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Viloyatda yoshlarning malakali kasb egallashi uchun Yaponiya, Janubiy Koreya va Hindiston bilan hamkorlikda kasb-hunar va zamonaviy til o‘rgatish markazlari tashkil etiladi. Ushbu markazlar yaqin vaqt mobaynida ishga tushiriladi.
Xalqaro fan olimpiadalari g‘oliblarini munosib taqdirlash yo‘lga qo‘yiladi. Tan olingan xalqaro olimpiadalarda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritganlarga Nexia, ikkinchi o‘rin egalariga Spark, uchinchi o‘rin sohiblariga Damas avtomobillari taqdim etiladi.
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida “O‘zbekiston tarixi” ko‘rik-tanlovi tashkil etiladi. G‘olib o‘quvchilar mamlakatning qadimiy shaharlari bo‘ylab barcha xarajatlari to‘liq qoplangan bepul sayohat bilan taqdirlanadi. Har yili 10 nafar eng faol viloyat yoshlari “Artek” xalqaro dam olish maskaniga bepul yuboriladi.
Har bir viloyat tashkiloti va boshqarmasi viloyat va tumanlar kesimida yosh rahbar yoki rahbar o‘rinbosarlarini tayinlashi ko‘zda tutilmoqda. Namangan viloyati bo‘yicha 100 nafar yosh rahbarlik lavozimiga tayinlanadi.
Viloyatdagi korxona-tashkilotlar, yirik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatuvchi subyektlarda umumiy miqdori 1000 tadan iborat kvotali ish o‘rinlari yaratiladi. Yirik sanoat korxonalari va tadbirkorlik subyektlari o‘zlari uchun kerakli yo‘nalishlarda bir nafardan yoshni o‘qitish uchun chet elga yuborishlari bo‘yicha kelishuv imzolanadi.
Namangan shahridagi “Yoshlar markazi” qoshida zamonaviy qurilmalar bilan jihozlangan “Yoshlar media markazi”tashkil etiladi. Viloyat televideniyesida esa “Yoshlar soati” dasturi tashkillanadi va unda yoshlar bilan bog‘liq dolzarb masalalar hokimlar ishtirokida muhokama qilinadi.
Chet elda o‘qib, ishlayotgan namanganlik yoshlar ishtirokida “Xorijdagi namanganliklar” klubi tashkil etiladi. Buning uchun ijtimoiy tarmoqda ommalashgan “Namanganliklar” kanalida maxsus sahifalar ochiladi.
— Har bir tumanda mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan yangi sport majmualari quriladi. Namangan shahri va tuman markazlarida aholi gavjud bo‘ladigan hududlarda bepul Wi-Fi zonalari tashkil etiladi. Barcha tashkilot va idoralar binolarida ham shunday bepul tarmoqlar ishga tushiriladi. Shuningdek, viloyat yoshlari o‘rtasida kibersport bo‘yicha viloyat ochiq chempionati o‘tkazilishi ham reja qilingan, — dedi Xayrullo Bozorov.
Har yili viloyat yoshlari o‘rtasida maqom, opera, estrada qo‘shiqchilik yo‘nalishlarida “Afsona music” yosh talantlar ochiq ko‘rik-tanlovi o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. “Afsonalar vodiysi” bog‘idagi 2400 kishilik amfiteatr ushbu tanlovning o‘tkazish o‘rni sifatida belgilandi.
Videokonferensiya tarzida barcha tuman va shahar yoshlari vakillari ishtirok etgan uchrashuvga ular bilan bevosita muloqot yakun yasadi.
Izoh (0)