Xalq deputatlari Namangan viloyati kengashiga O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Namangan shahridagi 32-Isfarxon saylov okrugidan nomzodi ko‘rsatilgan Z.Xo‘jayev saylovoldi tashviqoti tartibini buzgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Z.Xo‘jayev 2019-yil 3—4-dekabr kunlari Namangan shahridagi nomzodi qo‘yilgan “Haqiqat” hamda “Marg‘ilon” MFYda yashovchi saylovchilar bilan uchrashib, saylov kuni unga ovoz berishlari uchun ularga oziq-ovqat mahsulotlarini tekin tarqatib, saylovoldi tashviqotini olib borgan.
Ushbu holat yuzasidan Namangan shahar prokuraturasi tomonidan Z.Xo‘jayevga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-5-moddasi bilan ma’muriy javobgarlik to‘g‘risida ish qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar mazmunan ko‘rib chiqish uchun Namangan shahar ma’muriy sudiga yuborilgan.
Namangan shahar ma’muriy sudining 2019-yil 20-dekabrdagi qaroriga asosan, Z.Xo‘jayevga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-5-moddasi bilan bazaviy hisoblash miqdorining sakkiz baravari miqdorida jarima jazosi qo‘llanilgan.
O‘zbekiston Saylov kodeksining 44-moddasiga ko‘ra, deputatlikka nomzodlar tashviqotni saylovchilarga imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish bilan qo‘shib olib borish taqiqlangan.
Avvalroq O‘zLiDePning Toshkent shahar kengashiga ko‘rsatilgan nomzodi saylovchilarga arzon narxda un va yog‘ sotgani uchun javobgarlikka tortilgan edi.
Izoh (0)