Toshkent shahri Chilonzor tumanida avtomobillar qatnovi uchun yana bir ko‘prik qurish taklif etilmoqda. Tegishli petitsiya “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida joylashtirildi.
“Toshkent shahri aholisining soni yil sayin oshib borayotgani sababli poytaxtda harakatlanayotgan avtotransport vositalarining soni ham sezilarli darajada ortib bormoqda. Avtotransport vositalari sonining oshishi yo‘llarda, ayniqsa, chorrahalarda katta tirbandliklarni vujudga keltirmoqda. Bunday holatlarda yangi ko‘prik va yo‘l o‘tkazgichlarni qurish hisobiga avtotransport vositalarining harakatlanishi bilan bog‘liq muammolar o‘z yechimini topadi.
Chilonzor tumani Bunyodkor shoh ko‘chasi va Qatortol 2, Do‘mbirobod 4-tor ko‘chalari kesishmasidagi chorrahada avtomobillar qatnovining zichligi hamda piyodalarning serqatnovligi sababli katta tirbandlik vujudga kelib, davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining aralashuviga qaramay tirbandlik bilan bog‘liq muammolar o‘z yechimini topmay qolmoqda. Shunday holatda mazkur muammo yuzasidan o‘z vaqtida to‘g‘ri yechim berilishi hamda tegishli choralar amalga oshirilishi lozim”, — deb yozadi murojaat muallifi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Chilonzor tumani Bunyodkor shoh ko‘chasi va Qatortol 2, Do‘mbirobod 4-tor ko‘chalari kesishmasidagi chorrahada avtomobillar qatnovi uchun yangi ko‘prik va piyodalar uchun yo‘l o‘tkazgichlarini qurish taklif qilingan.
Izoh (0)