Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida O‘zbekiston fuqarosi pichoqlandi. Bu haqda O‘zbekiston TIV Konsullik-huquqiy departamenti xabar berdi.
O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi bosh konsulxonasi 11-noyabr kuni Krasnogvardeyskoye tumanida 3 nafar shaxs O‘zbekiston fuqarosi D.Y.ga hujum qilib, uni urib, pichoq bilan bir necha bor jarohatlagani va sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazgani hamda uning telefon va pullarini tortib olgani to‘g‘risida OAVda tarqalgan xabarni tasdiqladi.
O‘zbekiston fuqarosi Sankt-Peterburg shahridagi Aleksandr shifoxonasiga joylashtirildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlardan olingan rasmiy ma’lumotga binoan mazkur holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan, tergovchilarning va politsiya xodimlarining tizimli faoliyati natijasida ushbu jinoyatni sodir etganlikda gumonlanayotganlar tezkorlik bilan aniqlandi va qo‘lga olindi. Tergov tadbirlari davom etmoqda. Bosh konsulxona vaziyatni o‘z nazoratiga oldi.
“Konsullik-huquqiy departamenti Rossiyaning shimoli-g‘arbiy federal okrugi (Arxangelsk viloyati, Kaliningrad viloyati, Kareliya Respublikasi, Komi Respublikasi, Leningrad viloyati, Murmansk viloyati, Nenets avtonom okrugi, Novgorod viloyati, Pskov viloyati, Sankt-Peterburg shahri, Vologoda viloyati) hududida bo‘lib turgan fuqarolarimiz zarur vaziyatlarda mamlakatimizning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqami orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi: +7-965-029-41-49”, — deyiladi xabarda.
Izoh (0)