Professional boksning super o‘rta (-76,2 kg) vazn toifasida ringga ko‘tarilayotgan Bektemir Meliqo‘ziyev (2-0, 2 KO) yilning eng markaziy boks oqshomida ringga ko‘tariladi. Bu haqda GoSport xabar bermoqda.
Bokschining menejeri Alik Frolovning so‘zlariga ko‘ra, Bektemir Meliqo‘ziyev 2-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan boks oqshomida ringga chiqishi rasman tasdiqlangan. U mintaqaviy chempionlik kamari uchun ringga chiqishi lozim. Ahamiyatli tomoni mazkur boks oqshomining markaziy jangida afsonaviy Saul “Kanelo” Alvares (51-1-2, 35 KO) rossiyalik Sergey Kovalyovga (34-3-1, 29 KO) qarshi ringga ko‘tariladi. Bektemir aynan shu boks kechasining kardida ringga chiqadi. Janglar Las-Vegasdagi mashhur MGM Grand saroyining “Garden Arena”sida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Meliqo‘ziyev fransiyalik mashhur bokschi, besh karra sobiq Jahon chempioni Hassan N’Dam N’Jikamga (37-4, 21 KO) qarshi ringga ko‘tarilishi haqida xabar berilgandi. Ayni vaqtga qadar muzokaralar davom etmoqda. Bu borada “Mir boksa“ vakili 1-2 kun ichida raqib aniq bo‘lishi va rasman tasdiqlanishini bildirib o‘tgan.
Ma’lumot uchun, Bektemir Meliqo‘ziyev “Mir boksa” promouterlik kompaniyasi bokschisi bo‘lib, uning janglarini tashkil etish huquqini sobiq boks yulduzi Oskar De La Hoyyaga qarashli Golden Boy promouterlik kompaniyasi qo‘lga kiritgan. 2-noyabr kuni bo‘lib o‘tadigan boks oqshomini ham aynan Golden Boy promouterlik kompaniyasi tashkillashtiradi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)