4-oktabr – O‘zbekiston tarixidagi eng fojiali sanalardan. Aynan shu kun sovetlar tomonidan o‘zbek ziyolilarining yo‘q qilinishini bilan bog‘liq fojialarni aks ettiruvchi ramziy sana bo‘la oladi. “Daryo” kolumnisti G‘ayrat Yo‘ldosh 4-oktabr va qatag‘on haqida o‘z mulohazalarini bayon etadi.
1917-yilda amalga oshirilgan Oktabr to‘ntarishi ortidan Rossiyada iqtidorga kelgan kommunistlar Turkistonda yashaydigan turli millatlar boshiga mislsiz zulm, vahshiyona qiynoqlar soldi. Ayniqsa hokimiyat tepasiga Stalin kelganidan keyin sho‘rolar tuzumi qo‘li ostidagi xalqlarni qirg‘inlar, zulmga giriftor qildi. 1937-yildan boshlangan mislsiz qatag‘onlar tufayli o‘n minglab, yuz minglab insonlar hech sababsiz qamab yuborildi, olis yurtlarga surgun qilindi yoki otuvga hukm etildi. O‘shanda NKVD deb nomlagan jazo mashinasi dastidan hech kim omon qolmadi. Eng avvalo yurtning oqillari, olimlari, adiblari, ulamolari qamaldi va jazolandi. Mash’um tuzum ularni qamab tugatganidan keyin oddiy odamlarga chang soldi. O‘sha davrda qatag‘onlariga uchragan Said Ahmad keyinchalik esdaliklarida qamoqxonada o‘zi bilan bir kamerada o‘tirgan tojikistonlik savodsiz bir cholni “chet el ayg‘oqchisi” deb olib kelib qamaganlari haqida yozgan edi. Ha, o‘sha tuzum dastidan 1937-yildan 1953-yilgacha bo‘lgan mash’um qatag‘onlar davrida hech kim omon qolmadi.
Hanuzgacha tor doiralarda eslanadigan, motam kuni deb e’lon qilinmagan bo‘lsa ham, 4-oktabr O‘zbekiston tarixidagi eng qora kunlardan biri hisoblanadi. Bundan 81 yil muqaddam, 1938-yil 4-oktabr sanasida SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasining sayyor yig‘ilishida O‘zbekistonning asl farzandlariga “xalq dushmani” sifatida hukm o‘qildi.
Aynan 4-oktabr kuni o‘zbek xalqining asl fidoyilari bo‘lmish Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Sulaymon Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat, G‘ozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Ziyo Saidov, Xudoybergan Devonov va yana bir qancha shaxslar otuvga hukm etildi. Ular hukm chiqarilgan kunning o‘zidayoq otib tashlandi. Ularning hukmi ijro etilgan joy bugun Toshkent teleminorasi joylashgan hududda bo‘lgan.
Harbiy kollegiyaning 1938-yil 4-oktabrdan boshlangan sayyor yig‘ilishlarida oktyabr oyining oxirigacha jami 500 dan ortiq o‘zbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm chiqarildi. Umuman olganda, 1930–1956-yillarda SSSR bo‘ylab 20 million kishi GULAGga tashlangan. Ulardan 2 millioni nobud bo‘lgan.
O‘sha fojialarni chuqur o‘rgangan professor, olim Rustambek Shamsuddinov “Qatag‘on qurbonlari” nomli kitobida davrning mudhish hodisalari haqida batafsil ma’lumot bergan.
Shamsuddinovning yozishicha, O‘zbekistonda 1937-yil 10-avgustdan 1938-yil 1-yanvarigacha, salkam besh oy davomida 10 700 kishi hibsga olingan. Ulardan 3 613 nafari otib o‘ldirilgan. 7 087 nafari esa uzoq yillarga qamalgan.
Birgina 1937-yil dekabr oyida “uchlik” (“troika”) qarori bilan hukmi o‘qilgan 3 644 kishidan 1 464 nafari imom, eshon, mulla va diniy xizmatchilar bo‘lgan.
1938-yilning fevral oyida “uchlik” yig‘ilishlarida 2 491 mahbus ustidan hukm chiqarilgan, shundan 2 086 nafar mahbus otuvga, 398 mahbus 10 yillarga muddatga, ikki mahbus 8 yil muddatga qamoq jazosiga hukm qilingan.
Kechagiday esimda, 1994-yilning yanvar oyida maktablar bo‘yicha o‘tkazilgan fan olimpiadasida ona tili va adabiyoti fanidan tumanda 1-o‘rinni olib, viloyat bosqichida qatnashdim. Tanlov uch bosqichda bo‘lib o‘tgan edi: 1) og‘zaki savol-javob (adabiyotdan); 2) ona tilidan test savollari; 3) berilgan uchta mavzudan birida insho yozish. Insho mavzularidan birining nomi “Qatag‘onning qora kunlari” edi. Insho uchun shu mavzuni tanladim. Tan olaman, maktabda bizga u mash’um qatag‘on haqida yetarli bilim berilmagan, qo‘limizda SSSR paytida chop etilgan, kommunistik tuzum maqtalgan darsliklar bor edi. Ammo menda bu mavzu haqida biroz bo‘lsa ham tasavvur bor edi. Sababi, 1989–1990-yillardan boshlab “Sharq Yulduzi”, “Yoshlik”, “Guliston” va boshqa bir nechta jurnal, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati”, “Yosh leninchi” (Mustaqillikdan keyin “Turkiston” nomi bilan chop etilgan) va yana bir qator gazetalar qatag‘on haqida ko‘plab materiallar, maqolalar bergan, men ularning aksariyatini o‘qigan edim. Masalan, Nabijon Boqiyning hujjatli asari – “Qatlnoma”ni ham ilk marta “Sharq yulduzi” jurnalida o‘qiganman. Xullas, Stalin davrida xalqimiz boshiga tushgan ulkan musibatlar haqida nisbatan yetarlicha ma’lumotga ega edim. Lekin baribir bu mavzuda yozish oson bo‘lmagandi. Mavzu juda og‘riqli edi. Ha, butun bir millat ziyolilari, iymon-e’tiqodli kishilari, olimlari, adiblari, hamma-hammasining qamalishi, otilishi, yo‘q qilinishi haqida yozish qiyin edi.
Inshoda nimalar yozdim, qanday yozdim bilmayman. Oradan biroz o‘tib, maktabimiz direktori va viloyat bosqichida hakamlik qilgan hay’at nomidan, garchi imloviy xatolarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsam-da, inshoni “chin yurakdan kuyinib yozib berganim, o‘sha davr muhitini qalban his etib ochib bera olganim uchun” alohida tashakkurnoma hamda fan olimpiadasining viloyat bosqichida ona tili va adabiyoti fanidan 3-o‘rinni olganim haqidagi guvohnoma kelgan edi.
Bu gaplarni maqtanish uchun yozmayapman, balki “Qatag‘onning qora kunlari” maktab davrimda, o‘spirin yoshda bo‘lsam ham, xalqimiz ziyolilarining, iymon-e’tiqodli kishilarining qatag‘on qilinib, yo‘q qilib yuborilgani menga qanchalik ta’sir qilganini tasvirlab berish uchun yozyapman.
1925-yildan 1953-yilgacha, Stalin vafot etguncha nafaqat hamyurtlarimiz, balki butun SSSR xalqlari uchun judayam og‘ir yillar bo‘ldi. Shu yillar davomida mustabid tuzum dastidan xalqimiz uch marta qatag‘on qirg‘iniga duch keldi. Avvaliga 1927–1928-yillardan boshlab kollektivlashtirish bahonasida, 1937-yildan boshlab esa “g‘oyaviy dushman” sifatida, keyingisi esa urush tugab, xalq biroz tin olganidan so‘ng, 1948-yildan boshlab qatag‘onlar to‘lqini bo‘lib o‘tdi. Umumiy olganda, bu qatag‘onlarda millionlab insonlar nohaq qamaldi, o‘ldirildi va qabrsiz ommaviy tarzda ko‘mib yuborildi.
Eng yomoni, eng achinarlisi, eng afsuslanarlisi, doim millatning qo‘lidan ushlab, iymon-e’tiqodga, ilm-ma’rifatga, ziyoga yetaklab ketayotgan jamiki ilm sohiblari, ma’rifat tarqatuvchi, iymon e’tiqodli kishilarning qariyb hammasi yo‘q qilindi. Dorga osildi, otildi, surgun qilindi, qamoqqa tiqildi va yo‘q qilindi. Bu millat uchun haqiqiy fojia edi. Ha, fojia! Kimdir o‘sha davrda ham, hozir ham fojialigini anglab yetgan, kimdir anglab yetmagan fojia edi.
Umuman olganda, mustaqillikning ilk yillaridan farqli o‘laroq, keyinchalik qatag‘on haqida, nazarimda, aytarli ish qilinmadi. To‘rt-besh kitob va yana kimlarningdir shu mavzudagi ilmiy ishlarini aytmaganda, u davr haqida, fojiali qismatlar haqida na bir film ishlandi, na tuzukroq asar yozildi. Yozilgan asarlar ham qayta chop etishda, ishlangan sanoqli filmlar namoyish etishda muammolarga duch kelmoqda. Ana shunday asarlardan biri Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalar” romanidir. Unga ishlangan badiiy film ancha yillardan beri ko‘rsatilmaydi. Film nega ko‘rsatilmaydi, sababi nima, bu haqda biror tirik jon izoh ham bermaydi.
Shu filmni ilk marta televizorda qaysidir telekanal namoyish etganida ko‘zimda yosh bilan tomosha qilganman. Filmda XIX asrdagi Rossiya bosqinidan boshlab “Paxta ishi”gacha sodir bo‘lgan fojialar, hamyurtlarimiz boshiga solingan mislsiz zulmlar juda mahorat bilan tasvirlangan. Film tarixiy haqiqatlarga tayanib, mahorat bilan ishlangan. Filmni har qanday vatanini sevuvchi inson shunchaki tomosha qila olmaydi. Yig‘lab tomosha qiladi.
Ammo, ming afsuski, yoshlarni vatanparvar qilib tarbiyalanishlariga turtki bo‘lishi mumkin bo‘lgan bu film anchadan beri ko‘rsatilmaydi.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: nega O‘zbekistondan yuz minglab odamlar nohaq qatag‘on bo‘lib ketgan-u, mustaqillikdan keyin ularning aqalli birontasi haqida na bir film, na serial ishlanmagan?
Agar kinoga aloqador qaysidir bir mutasaddiga shu haqda savol bersangiz, katta ehtimol bilan u buning uchun mablag‘ yo‘qligini, rejissorlar xususiy sektor mablag‘larini jalb qilib bemalol shu mavzularda film olaverishlari mumkinligini aytadi. Lekin qatag‘on qurbonlari haqida film olishga topilmagan pul qayerdagi bir marta ham tomosha qilishga arzimaydigan filmlarga topilyapti-ku.
Mustaqillikdan keyin o‘tgan 27 yillik kino tariximizga qarasangiz, davlat mablag‘ ajratgan filmlarda qatag‘on qurbonlari, ularga qilingan zulm, fojia haqida bironta film olinmagan. SSSR davrini eslab olingan bir-ikkita filmda ham bu fojialar to‘la-to‘kis ochib berilmagan va qisman ko‘rsatilgan. Aynan o‘sha filmlarda, nazarimda, kommunistlarning zulmini film qahramoni taqdiri orqasiga bekitish uchraydi. Kommunistlar qiynog‘ida azoblangan, o‘lib ketgan qanchalab insonlar bor, har birining taqdiri alohida film yoki serial bo‘lishga arzigulik. Shu ketishimiz bo‘lsa, katta ehtimol bilan ular haqida hech qachon film ham, serial ham olinmaydi. Tag‘in bilmadim.
Qatag‘on qilingan insonlarning aksariyati kommunistlarning haddan oshgan zulmiga qarshi bo‘lgan. Nima, biznikilar ular haqida film olishdan va xalq bu filmlarni tomosha qilib, ongi oshishidan qo‘rqadimi? Ha desam, isbotim yo‘q. Yo‘q desam, nega unda kommunistlar zulmi va ular tomonidan uyushtirilgan qatag‘onlar to‘laqonli ko‘rsatilgan filmlar olinmagan? “Otamdan qolgan dalalar”ga o‘xshagan, oxirgi 130 yilda mustamlakachilar boshimizga solgan jabr-zulmlar va qatag‘onlar to‘laqonli va haqqoniy tasvirlangan film anchadan beri ko‘rsatilmaydi yoki xalqimiz boshiga falokatli kunlar bo‘lib tarixga muhrlangan voqealar haqida qariyb 30 yilda bitta ham film ishlanmaydi?
Balki bir paytlar “Ulug‘ og‘a” bo‘lgan ruslar yoki Rossiya tomoni xafa bo‘lmasin deyishar. Unday deydigan bo‘lsak, Rossiya kinoijodkorlarining o‘zlari qatag‘on haqida qanchalab filmlar olgan, seriallar ishlagan, teleko‘rsatuvlar tayyorlagan. Shunday ekan, ular film va seriallar olib turganda, nega andisha qilishimiz lozimligini tushunmayman.
Eng yomoni, mana shunaqa qo‘shtirnoq ichidagi “andisha”lar tufayli yosh avlod SSSR davridagi xalqimiz boshiga tushgan fojialarni to‘la-to‘kis anglab yetgani yo‘q.
Tariximiz haqida to‘g‘ri xulosa chiqarishlari uchun ularga qatag‘on davrini, achchiq taqdirlarni, zolimlarning zulmini turli vositalar, filmlar, seriallar yordamida boricha ko‘rsatishimiz kerak.
Yaqinda Said Ahmadning “Borsa kelmas darvozasi” hikoyasini o‘qidim. Biroz oldin Shukrullo domlaning “Kafansiz ko‘milganlar” asarini takror o‘qidim. Men uchun bunday asarlarni o‘qish anchayin og‘riqli masala. Lekin baribir o‘qiyveraman. Boshqalarga ham tavsiya qilaman. Yosh avlod XX asrda kommunistlar boshimizga yog‘dirgan kulfatlarni yaxshiroq anglashi kerak.
Bu gaplarni yozishdan, o‘sha mash’um kunlarni hozir shu tobda eslashimdan maqsad, yoshlarga tarixiy haqiqatlarni yana bir bor eslatib qo‘yishdir. Yoshlar o‘sha chirkin tuzumning kirdikorlarini, xalqimiz boshiga solgan og‘ir kunlarini anglab yetishi kerak.
Eng muhimi, tarixdan yetarli xulosa chiqarishimiz kerak.
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)