Prezident Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr, payshanba kuni suv resurslarini boshqarish tizimini isloh qilish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.
Bugungi kunda suv xo‘jaligi tashkilotlari tasarrufida 4 mingta sug‘orish qudug‘i mavjud. Bitta quduq 30 gektar maydonga xizmat ko‘rsatib, yiliga 40—50 million so‘mgacha xarajat qilinmoqda.
“Sug‘orishda quduq suvini odatdagidek ishlatish oqibatida yer osti suvi borgan sari kamaymoqda”, — deb yozadi Prezident matbuot xizmati.
Shuning uchun mutasaddilarga quduq suvlari iste’molchilarini 2020-yilda suv tejovchi texnologiyalar va quyosh panellaridan foydalanishga o‘tkazish yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Yana bir masala — hozirda suv obyektlarini qurish, rekonstruksiya va ekspluatatsiya qilish bo‘yicha ham buyurtmachi, ham pudratchi vazifasini bitta idora — Suv xo‘jaligi vazirligi amalga oshirmoqda.
“Bu esa sog‘lom raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin”, — deyiladi rasmiy axborotda. Shu bois 57 ta pudrat korxonasini vazirlik tizimidan chiqarib, alohida aksiyadorlik jamiyatiga birlashtirish vazifasi qo‘yilgan.
Izoh (0)