O‘zbekistonning xalqaro rezervlardagi puli hozirda 22 mlrd dollarni tashkil etadi — uning yarmi oltin, yarmi esa valyuta ko‘rinishida. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Moliya vazirligi va Markaziy bank mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
“Faqat banklarga depozit qo‘yavermasdan bosqichma-bosqich moliyaviy bozorlarga chiqishni ham yo‘lga qo‘yish kerak. Chunki shu orqali depozitlardan ko‘ra ko‘proq foyda olib kelish imkoniyatlari mavjud. Oltinni ham aslida ko‘p ushlab turishimiz kerak emas. Oltin o‘zi ko‘p, u bizga hech qanaqa pul keltirmaydi. Oltinni pul keltiradigan, foiz hisobida foyda keltiradigan narsalarga tikish kerak”, — dedi moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov.
Qayd etilishicha, 30-iyun holatiga ko‘ra, davlat ichki qarzi 5,4 milliard dollar ekvivalentini tashkil etgan. Shundan 97 foiz qarz hukumat tomonidan kafolatlangan. Qolgan 3 foiz qarz esa hukumat tomonidan jalb etilgan.
“Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari tijorat banklari orqali katta davlat tashkilotlariga yo‘naltirilgan. Shu vaziyatda davlat qarz ‘risk’lariga kafolat bergan. Garchi hukumat puli davlat tashkilotiga ketsa-da, biz buni qarz, deb tan oldik. Har qanday ‘risk’da mablag‘larni davlat to‘lab berishi kerak”, — dedi Isoqov.
Mutasaddilar 2018-yildan buyon davlat ichki kapital bozorda obligatsiyalarni sotuvga chiqarganini aytib o‘tdi. Joriy yilda obligatsiyalar orqali 1—3 yil muddatga 850 milliard so‘mlik qarz olingan.
Izoh (0)