Myunxenning “Bavariya” klubi prezidenti Uli Xyoness o‘z lavozimini tark etishga va 2019-yilning noyabr oyida bo‘lib o‘tishi kutilayotgan saylovda o‘z nomzodini qo‘ymaslikka qaror qildi. Bu haqda Bild xabar berdi.
Uli Xyoness kelasi yilning yanvar oyida 68 yoshni qarshilaydi.
Manbaga ko‘ra, Adidas sobiq bosh direktori Gerbert Hayner “Bavariya”ning yangi prezidentiga aylanishi mumkin. U ayni damda klubning kuzatuv kengashi raisi ham hisoblanadi. Hayner hamda Xyoness qariyb 20 yildan ortiq birga faoliyat olib borgan.
Ma’lumot uchun, Xyoness 1970—1979-yillar mobaynida “Bavariya”da yarim himoya chizig‘ida to‘p surgan. U 27 yoshida futbolchilik faoliyatini yakunlaydi va 1979-yilda klub rahbariyati vakiliga aylanadi. Shu bilan birga u Bundesligadagi eng yosh menejer bo‘ladi.
2009-yildan 2014-yilgacha Xyoness “qizillar” prezidenti sifatida faoliyat olib borgan va 2016-yilning mart oyida u mazkur lavozimga qayta saylangan. 40 yil mobaynida Myunxen klubi uning qo‘l ostida 16 marta Germaniya chempioniga aylandi, 2 marotaba Yevropa Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘ldi va bir marta UEFA Kubogini qo‘lga kiritdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)