O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi barcha o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalarida 2019—2020 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi.
Bugungi kunda respublikada 9 ta o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat olib bormoqda. Shundan 7 tasi o‘g‘il bolalar, 2 tasi ayol-qizlar uchun mo‘ljallangan.
Mazkur ta’lim muassasalariga jami 4252 nafar abituriyent hujjat topshirgan bo‘lib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan o‘quv yilida hujjat topshirgan abituriyentlar soniga nisbatan 2,5 barobarni tashkil etmoqda.
Joriy yildagi qabul jarayonlariga yuqori darajada tayyorgarlik ishlari ko‘rilgan bo‘lib, kirish test sinovlarini yanada shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishini ta’minlash maqsadida joriy o‘quv yilidan boshlab test sinovlari Davlat test markazi tomonidan o‘tkazilmoqda.
Bu yilgi test sinovlari barcha diniy ta’lim muassasalarida bo‘yicha maxsus tayyorlangan pavilonlarda o‘tkazilmoqda. Mazkur pavilonlarda test jarayonlarini kuzatib borish uchun kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, test jarayonlari abituriyentlarning ota-onalari uchun katta monitorlar orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri uzatib borilmoqda. Shuningdek, ota-onalarning dam olishlari uchun ham zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Abituriyentlarni binoga tartibli kiritish, ularning xavfsizligi va sog‘lig‘ini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar, Milliy gvardiya va tibbiyot xodimlari jalb qilingan.
Test sinovlari ertalab soat 9:00 da boshlangan bo‘lib, 12:00 gacha davom etadi. Abituriyentlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun “Chet tili”, “Tarix” va “Ma’naviyat asoslari” fanlari bo‘yicha test sinovlarini topshirmoqda.
Izoh (0)