Joriy yil 10-iyul kuni soat 10:00 dan boshlab “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi—2019” respublika tanlovida ovoz berish jarayoni boshlanadi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ishtirokchilar 10-iyulga qadar ta’lim sifatini oshirishda mavjud muammolar va ularning yechimlari to‘g‘risida o‘zlari tayyorlagan loyiha taqdimotlari hamda faoliyati bo‘yicha qo‘lga kiritgan ijobiy natijalari (portfolio)ni Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi shaxsiy sahifasiga joylashtiradi.
Tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar bosqichi yakunlariga ko‘ra 13 ta fan bo‘yicha jami 178 nafar ishtirokchi qatnashadi. Loyiha taqdimotlari va faoliyati bo‘yicha natijalari (portfolio) keng jamoatchilik tomonidan muhokama qilinadi va baholanadi.
Bunda Xalq ta’limi vazirligining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida tanlov o‘tkazilayotgan har bir fan bo‘yicha alohida ovoz berish tizimi joriy etiladi. Ovoz berish jarayoni 2019-yilning 20-avgust kuni soat 18.00 da yakunlanadi.
Jamoatchilik tomonidan berilgan ovozlar soniga qarab ishtirokchilarning ro‘yxatdagi o‘rni o‘zgarib turadi. Ovoz berish jarayoni yakunlangandan so‘ng jarayonning eng oxirgi natijasi bo‘yicha ishtirokchilar faoliyatiga 20 ballik mezon asosida ballar beriladi.
Izoh (0)