“Tolibon” harakati Kobul shahridagi go‘zallik salonlarini ommaviy yopishni boshladi. Bu haqda Tolo News xabar berdi.

Guvohlarga ko‘ra, Afg‘oniston poytaxtidagi binolar tekshirilmoqda. Agar ichida ayollar saloni aniqlansa, ular talon-taroj qilinmoqda. Bunga qadar go‘zallik salonlarida qariyb 60 ming nafar ayol ishgan. Ularning aksariyati oilasining asosiy boquvchisi bo‘lgan.
2024-yil oxirida “Tolibon” afg‘on ayollariga shifokor va hamshiralikka o‘qishni taqiqlagan edi. Bu sohalar ayollar uchun oliy ma’lumot olishning so‘nggi imkoniyati bo‘lgan. Chunki 2022-yil dekabrida “Tolibon” ularga universitetlarga kirishni ham man etgan edi.
“Tolibon” hokimiyat tepasiga kelgach, xotin-qizlarga nisbatan ko‘plab cheklovlar joriy etildi. Taqiqlar tufayli ayollar va qizlar ta’lim olish, ishlash, sport, sayohat qilish va dam olish huquqidan mahrum qilindi.
Afg‘onistonda ayollarga nisbatan joriy qilingan ayrim taqiqlar quyidagilar:
- afg‘onistonlik ayollarning BMT idoralarida ishlashi;
- erkaklarga ayollar uchun kiyim tikish;
- ayollarning erkak shifokorlarga borishi;
- ayollarning shifoxonaga yolg‘iz borishi;
- ayollarning istirohat bog‘iga tashrif buyurishi,
- oilalar va ayollarning bog‘lari yoki yashil hududlari bo‘lgan restoranlarga kirishi,
- ayollar ovozi eshitilgan reklamalarni efirga uzatish,
- ayollarning sotuvchilari bilan savdolashish,
- akusher va hamshiralikka o‘qish,
- ayollarga bir-biri bilan gaplashish taqiqlangan.
Kanada, Avstraliya, Germaniya va Niderlandiya ayollar diskriminatsiyasi tufayli Xalqaro sudga “Tolibon” ustidan da’vo arizasi bilan murojaat qilmoqchi.
Izoh (0)