Italiyaning Neapol shahri mezbonlik qilayotgan yozgi Universiadaning dzyudo bo‘yicha birinchi kun bahslari yakunlandi.
Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarning +90 kg vazn toifasida Muhammadkarim Xurramov “A” guruhida amerikalik Kerr Mason Piper, vengriyalik Peter Arvai va Bogdan Voitsikni mag‘lub etib, yarim finalda yaponiyalik Kanta Nakano imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Bronza medali uchun kechadigan bahsda esa polshalik Oleksiy Lisenko ustidan ishonchli g‘alaba qilgan Mahammadkarim O‘zbekiston delegatsiyasi hisobiga ushbu universiadadagi ilk medalni taqdim etdi.
Shuningdek, -90 kg vazn toifasida Davlat Bobonov avvaliga saudiyalik Abdulrahmon al-Rammanni, keyin yaponiyalik Goki Tajimani mag‘lub etib, chorak finalga yo‘l oldi. Ammo ushbu bosqichda u braziliyalik Gustavo Assisga mag‘lub bo‘ldi.
Musobaqaning ayollar o‘rtasidagi bahslarning -70 kg vazn toifasida ishtirok etayotgan Gulnoza Matniyozova ilk bosqichda koreyalik Ye Von Lidan ustun keldi. Ammo ikkinchi davrada u rossiyalik Madina Taymazovaga yutqazib qo‘ydi. Bronza medali uchun o‘tkazilgan qo‘shimcha saralash bosqichida esa u dastlab Girdzuite Jioyya Fetterlini mag‘lub etishga muvaffaq bo‘ldi. Biroq hal qiluvchi bahsda germaniyalik Sara Mekelburgga imkoniyatni boy berib qo‘ydi.
+70 kg vazn toifasida Nodira Yo‘ldosheva italiyalik Debora Salani yengishga muvaffaq bo‘ldi, ammo chorak finalda janubiy koreyalik Mi Jin Xan to‘sig‘idan o‘ta olmadi. Bronza medali uchun o‘tkazilgan qo‘shimcha saralash bosqichida esa u fransiyalik Valentin Marshanga mag‘lub bo‘ldi.
Eslatib o‘tmaiz, universiada dasturida dzyudo bo‘yicha musobaqalar 4-7-iyul kunlari o‘tkazilishi belgilangan.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)