Kiyevda Oliy Rada deputatligiga o‘z nomzodini qo‘ygan sobiq prezident Viktor Yanukovich administratsiya boshlig‘i Andrey Klyuev hamda bloger Anatoliy Shariya sabab norozilik namoyishlari boshlandi, deb xabar qiladi “Pryamoy” telekanali.
Telekanal ma’lumotlariga ko‘ra, odamlar prezident Vladimir Zelenskiy o‘z ofisini ko‘chirishni rejalashtirayotgan “Yevropa maydoni”da joylashgan “Ukraina uyi” binosi va “Mustaqillik” maydonida yig‘ilgan.
Ukraina sobiq prezidenti Pyotr Poroshenko norozilik aksiyasini qo‘llab-quvvatlab, Telegram’dagi kanaliga “Bizning jamoa soat 20:00 da Maydondagi aksiyaga kelib qo‘shildi”, deb yozgan.
Avvalroq, ukrainalik faollar so‘nggi besh yildan buyon mamlakatda yashamasdan turib o‘z nomzodini deputatlikka qo‘ygan Anatoliy Shariya va Andrey Klyuev sabab g‘azabga minib, norozilik namoyishi o‘tkazishlarini ma’lum qilgandi. Ularning Rada saylovlarida ishtirok etishi 2-iyul kuni ma’lum bo‘lgan.
Izoh (0)