Normativ-huqukiy hujjatlar muhokamasi portalida “Navoiy viloyati tarkibida G‘ozg‘on shahar hokimligini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasi joylashtirildi.
Qaror loyihasiga ko‘ra, Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahri va Nurota tumanining chegaralari o‘zgarishi hamda G‘ozg‘on shahri viloyat bo‘ysunuvidagi shaharlar turkumiga kiritilishi munosabati bilan Navoiy viloyati bo‘ysunuvidagi G‘ozg‘on shahar hokimligi tashkil etiladi.
Bosh vazir o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi respublika komissiyasiga:
10 kun muddatda Navoiy viloyati tarkibida viloyatga bo‘ysunuvchi G‘ozg‘on shahar hokimligini tashkil etish bilan bog‘liq zarur tashkiliy texnik tadbirlar kompleksini ishlab chiqish va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishini ta’minlash;
1 oy muddatda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda G‘ozg‘on shahri byudjetining va uni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning prognoz parametrlarini belgilash;
Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda G‘ozg‘on shahrini tashkil etish davrida iqtisodiyot tarmoqlarining aniq, barqaror va bir maromda ishlashi, shuningdek, yuzaga keladigan ijtimoiy masalalarning o‘z vaqtida hal etilishini ta’minlash topshirildi.
Bosh prokuratura va Ichki ishlar vazirligiga ikki oy muddatda tashkil etilayotgan viloyatga bo‘ysunuvchi G‘ozg‘on shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tuzilmalarini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish vazifasi yuklatildi.
Izoh (0)