Braziliyaning Manaus shahridagi qamoqda 26-may kuni sodir bo‘lgan tartibsizliklar oqibatida 15 nafar mahbus halok bo‘ldi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, voqea kunduz kuni, mahbuslar qarindoshlari tashrifi uchun ajratilgan soatda sodir bo‘lgan. Qamoqxona xodimlari tartibni tiklashga muvaffaq bo‘lgan, turmadan qochish holatlari qayd etilmagan.
Voqea sabablari o‘rganilmoqda. Qamoqxonaga kirish vaqtinchalik cheklangan.
Xabarda aytilishicha, 2017-yilning yanvarida ham shu qamoqxonada g‘alayon ko‘tarilgan. Oqibatda mahbuslarning 56 nafari halok bo‘lgan, qariyb 130 nafari qochib ketgan. Unda tartibsizliklar 17 soat davom etgan.
Hozirda Braziliya qamoqxonalarida 730 mingdan ortiq mahbuslar jazoni o‘tayotgan bo‘lib, bu ularga ajratilgan joydan 50 foiz ko‘p. Mahbuslarning qoniqarsiz sharoitda saqlanayotgani ko‘pincha tartibsizliklar kelib chiqishiga olib kelgan.
Izoh (0)