Gananing Ashanti viloyatida 6-avgust kuni harbiy vertolyot qulab tushishi oqibatida sakkiz kishi halok bo‘ldi. Qurbonlar orasida ikki nafar vazir ham bor. Bu haqda Pulse Ghana xabar berdi.

Vertolyot Adansi-Akrofuom tumani yaqinida radarlardan g‘oyib bo‘lgan. Qisqa vaqt ichida avariya-qutqaruv guruhlari halokat joyiga yetib borib, yonayotgan qismlarni aniqlagan. Amaldorlar foydali qazilmalarni qazib olish va malaka oshirishga qaratilgan dastur doirasida safarga chiqqan bo‘lgan.

Qurbonlar orasida mudofaa vaziri Edvard Oman Boama hamda atrof-muhit, fan va texnologiyalar vaziri Ibrohim Murtal Muhammad ham bor. Halok bo‘lganlar xotirasiga mamlakat bo‘ylab bayroqlar tushirilishi e’lon qilingan. Ayni paytda voqea yuzasidan favqulodda tergov ishlari olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun, 25-iyul kuni Qozog‘istonda ham Mudofaa vazirligiga qarashli vertolyot halokatga uchragan edi. Uning qoldiqlari Sarbuloq suv ombori yaqinida topilgan. Bortda bo‘lgan uch nafar ekipaj a’zosi hozirgacha qidirilmoqda.
Shuningdek, 2024-yil may oyida Eron prezidenti Ibrohim Raisiy ham vertolyot halokati oqibatida vafot etgan edi. U bilan birga tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon va yana olti kishi halok bo‘lgan. Keyinchalik fojiaga og‘ir ob-havo sharoiti sabab qilib ko‘rsatilgan.
Izoh (0)