Qoraqalpog‘istonning Amudaryo tumaniga qarashli “Nazarxan” OFY hududida, G‘uzor—Buxoro—Nukus—Beyneu avtotrassasining bo‘yidagi tepalikda yuzlab sochilayotgan sharsimon toshlarni ko‘p marotaba ko‘rsak ham, unchalik e’tibor qaratavermaymiz. Dunyoning ba’zi davlatlarida shu kabi toshlarni og‘zaki tilda “dinozavr tuxumlari” deyishadi, deya xabar bermoqda O‘zA.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ularning yoshi 50-60 million yilni tashkil qiladi.
Fanda “Moyeraki toshlari“ deb nom berilgan sharsimon toshlar geologik nuqtai nazardan olib qaraganda, kalsiy bilan okeanning minerallashgan tuzlarining hamda sozli tuproqning birikishidan hosil bo‘ladi.
Nukusdan 30 kilometr olisda joylashgan Amudaryo tumanidagi ushbu toshlar Tetis ummoni esdaliklaridir.
Million-million yillar avval ularning diametri 2-2,5 metr kattalikda bo‘lgan. Vaqt o‘tishi bilan yemirilib, qobiqlarini yechib tashlagan. Hozirda bularning diametri 0,3-0,5 metrlar atrofida.
Bu kabi sharsimon toshlar Yangi Zelandiya orollarida, Avstraliyada va Qozog‘istonning Manqishloq viloyatlarida ham uchraydi va turistlarning sevimli obyektlariga aylangan.
“Nazarxan“ OFY turg‘uni Ongarbay og‘aning ta’kidlashicha, shunday sharsimon toshlar hududdagi boshqa joylarda ham ko‘plab uchraydi. Agar ushbu toshlarning tagi kavlansa, qozondek keladigan qobiqlari chiqadi. Mahalliy aholi esa u qobiqlarni uylariga poydevor sifatida foydalanish uchun qazib olmoqda.
Bahor kelishi bilan ushbu hududlar o‘ziga xos ajoyib manzara hosil qiladi. Sayohatga chiquvchilar toshlar qoshida selfiga tushadi.
Nukuslik olim Yusup Kamalov kun ilishi bilan “dinozavr tuxumlari” sochilgan tepaliklarda deltaplanda uchishni xo‘sh ko‘radi. Yoz oylarida esa yaqin joylardagi tuzli ko‘llarda odamlar davolanish uchun tashrif buyuradi.
Afsuski, mana shunday ajoyib maskanlardan turistik maqsadda oqilona foydalanilmayapti.
Izoh (0)