Qarshi shahrining Furqat ko‘chasida joylashgan, xalq tilida “Yangi bozor” deb yuritiladigan bozor ro‘parasidagi 53 ta savdo do‘koni egalari shahar hokimi Jamshid Fozilovni tadbirkorlar huquqini poymol qilishda ayblamoqda. Tadbirkorlar iddaosiga ko‘ra, ularga tegishli savdo do‘konlari arzon narxda baholanib, o‘zlari ko‘chaga quvilayotgan ekan.
“Biz faoliyat yuritayotgan Furqat ko‘chasidagi savdo do‘konlarini buzish va shaharni obodonlashtirish masalasi dastlab 2014-yil Jamshid Fozilov Qarshi shahri hokimi sifatida ish boshlagan paytida ko‘tarilgandi, — deydi yakka tartibdagi tadbirkorlardan biri Ulug‘bek Fayziyev. – O‘sha paytda do‘konimizdan sal naridagi shahar obodonlashtirish boshqarmasiga qarashli yerdan do‘kon qurishimiz mumkinligini aytishib, qaror ham chiqarib berishdi. Menda o‘sha qaror haligacha turibdi. Ancha paytgacha bu ishlar to‘xtab qolgach, shaxsan o‘zim o‘sha qaror ijrosi bo‘yicha nima bo‘layotganligini bilish maqsadida shahar hokimligiga bordim. Borsam, hali yerning egasi bilan kelishilmaganligini aytishdi. Kulgilisi, shahar hokimi yer egasi bilan kelishmay, tadbirkorlarga do‘kon qurish uchun qaror chiqarib bergan”.
Tadbirkor Ulug‘bek Fayziyevning qo‘shimcha qilishicha, bundan bir yil ilgari shahar hokimligida yana shaharni obodonlashtirish bahonasida Furqat ko‘chasidagi do‘konlarni buzish “ishtiyoqi” paydo bo‘lgan. Shu boisdan ham tadbirkorlar viloyat hokimidan najot izlab, murojaat qilishgan.
“Bundan bir yil ilgari murojaatimizga javoban viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyevning shaxsan o‘zi savdo do‘konlarimiz yoniga kelib, dardimizni tingladi, — deydi Ulug‘bek Fayziyev. — Viloyat hokimiga do‘konlarimiz buzib tashlanmasa, ushbu hududni o‘z mablag‘imizga obodonlashtirishimiz mumkinligini aytdik. Shunda Zafar Ro‘ziyev Qarshi shahar hokimi Jamshid Fozilovga tadbirkorlar bilan kelishib, ushbu hududga ko‘cha chiroqlari o‘rnatilishi, asfalt yotqizilishi kerakligini aytdi. Ammo aytilgan ishlar bajarilmadi”.
Tadbirkorlarning ma’lumot berishicha, viloyat hokimi Zafar Ro‘ziyev bundan bir oy ilgari ham Furqat ko‘chasidagi savdo do‘konlariga kelgan.
“Shahar hokimining “do‘konlarni buzib, hududni obodonlashtiramiz” degan gapiga javoban, “avval tadbirkorlarni rozi qilib, pulini, yerini berish kerak” dedi. Shunda shahar hokimi “tadbirkorlar yerni auksiondan oladi” degandi, viloyat hokimi shahar hokimining gapini shartta bo‘lib, “tadbirkorlarni sarson qilma, avval do‘konining pulini ber, yer ber. Keyin buzasan”, dedi. Shahar hokimi o‘sha payt “xo‘p bo‘ladi” degandi, ammo ikki kundan keyin kelib quruvchiga buzilgan 12 ta do‘konni ko‘rsatib, “avval bularni, bir oy o‘tmasdan bularni ham buzasan deya 41 ta do‘konga ham ishora qildi. Xullas, shahar hokimi bizning do‘konlarimizni buzib tashlab, bizni ko‘chada qoldirmoqchi”, — deydi suhbatdosh tadbirkorlar.
Yakka tartibdagi tadbirkor Suhrob Mahmudov savdo do‘koni buzib tashlanganligiga 2 oyga yaqin muddat bo‘lgan bo‘lsa-da, haligacha zarar qoplab berilmaganligidan shikoyat qilmoqda.
“Savdo do‘konim buzilishga tushganligi to‘g‘risida ogohlantirishgach, do‘konimni kelib narxlashdi”, — deydi tadbirkor Suhrob Mahmudov. — Do‘konim 19 millionga baholandi. Bundan uch yil ilgari shu do‘konni 28 millionga sotib olgandim. Shuning uchun ham narxdan norozi bo‘lib, o‘zim baholash markaziga baholatdim. 25 millionga baholab ketishdi. Shahar hokimligi mutasaddilari “25 millionni to‘lab beramiz” deb rozi bo‘lishgandi. Lekin ikki oyga yaqin vaqt o‘tsa-da, haligacha zararimni qoplab berishmadi. “Bugun beramiz, ertaga beramiz”, deb aldashdan nariga o‘tishmayapti”.
Hokimiyat vakillari va tadbirkorlar yuzma-yuz kelishsa ko‘plab haqiqatlar ayon bo‘lishiga umid qilgan holda, tadbirkorlar bilan suhbatimiz davomida shahar hokimligi vakillariga takror-takror qo‘ng‘iroq qildik. Ammo javob berishmadi. So‘ngra mutasaddilarni izlab, shahar hokimligiga bordik.
“Furqat ko‘chasidagi 53 ta savdo do‘konlaridan 12 tasi buzildi, — deydi Qarshi shahar hokimi o‘rinbosari Ulug‘bek Avazov. – Mazkur 12 ta do‘kon egalaridan 3 nafari — Gulsara Qurbonova, Lola Ernazarova hamda Sherali To‘layevlarning qariyb 71 millionlik zarari qoplab berildi. Yana 3 ta savdo do‘konining kadastr hujjatlari yo‘qligi sababli, hujjatlashtirish ishlari ketyapti. Ammo tadbirkor Suhrob Mahmudovning soliqdan qarzdorligi yo‘qligini isbotlovchi ma’lumotnoma kelmaganligi sababli ham tadbirkor puli to‘lab berilmagan”.
Qarshi shahar hokimligi mutaxassisi Komil Mamanazarovning ma’lumot berishicha, tadbirkorlarga savdo do‘konining zarari qoplab berilishidan oldin, shahar elektr tarmoqlari korxonasi, “Qarshishahargaz” va shahar Soliq inspeksiyasidan tadbirkorning qarzdorligi yo‘qligi haqidagi ma’lumotnomalar taqdim etilishi kerak bo‘ladi.
“2018-yil dekabr oyida ushbu ko‘chada joylashgan 8-savdo do‘konini 80 millionga sotib olgandim, — deydi tadbirkor Zebo Orziqulova. – Hali 2 oy ham bo‘lmadi foydalanayotganimga. Endi do‘konimiz buzilsa, 20–25 million berishadi. Men shuncha pulga kuyib qolaveramanmi?”
“Tadbirkor Zebo Orziqulova savdo do‘konini 80 millionga sotib olganligini bizga ham aytgandi, — deydi Ulug‘bek Avazov. – Ammo 80 millionga sotib olganmi yoki 20 millionga olganmi bunisi bizga qorong‘i. Binobarin shahardagi zamonaviy talabga javob beradigan savdo do‘konlarining kv/m 3 milliondan 5 milliongacha baholanmoqda. O‘shanda 20 kv/mga ega bo‘lgan zamonaviy do‘konni 3 milliondan hisoblasak 60 million bo‘ladi degani. Vaholanki, ushbu sotib olingan do‘kon yengil tipdagi do‘kon bo‘lib, zamonaviy tipda qurilgan do‘kondan ancha arzon turadi. Shunday ekan, xulosa qilish o‘zingizdan”.
Ulug‘bek Avazovga ko‘ra, yengil tipdagi savdo do‘konlari eshik va romlari alyuminiydan bo‘lgan, buzib, ko‘chirib ketishga moslashgan do‘konlar hisoblanar ekan. Aniqlanishicha, Furqat ko‘chasidagi savdo do‘konlari yengil tipdagi do‘konlar bo‘lib, 2011-yil O‘zbekiston ko‘chasidagi savdo do‘konlari buzilgan tadbirkorlarga berilgan. Tadbirkorlarning qo‘shimcha qilishicha, o‘sha paytda berilgan savdo do‘konlari tadbirkorlarga doimiy muddatga foydalanish uchun deya berilgan ekan.
Jurnalistik surishtiruvlarimiz davomida ma’lum bo‘lishicha, yakka tartibdagi tadbirkorlar shahar hokimi o‘rinbosari Ulug‘bek Avazovga do‘konlari buziladigan bo‘lsa, Sharq ko‘chasiga chiquvchi joydan yer o‘lchab berishsa, tadbirkorlarning o‘zi do‘kon qurib olishini bildirgan.
“Ulug‘bek Avazov ushbu taklifimizni eshitib, “bu joyda do‘kon qurib bo‘lmaydi” dedi, — deydi Ulug‘bek Fayziyev. — Keyin taklifimizni hokimiga yetkazishini bildirdi. Ammo ertasi kuni shahar hokimi, Ulug‘bek aka va xodimlari kelib ushbu hududdan zamonaviy savdo do‘konlarini qurish quruvchiga topshirilganligini aytdi. Biz esa quruvchidan do‘konlarimiz qanchaga baholanishini, qurilayotgan yangi do‘konlar narxi qancha bo‘lishini so‘radik. Aytishicha, bizning do‘konlar nari borsa 25 millionga baholanadi, o‘zlari qurayotgan do‘konlar esa tadbirkorlarga 83 million 500 ming so‘mga sotilar ekan”.
Shaxsini ochiqlasa, ertaga shahar hokimligidan bosim o‘tkazilishidan qo‘rqqan quruvchi tashkilotlardan biri rahbarining “Daryo”ga ma’lum qilishicha, shahardagi “Naqshab bozor”,“Eski bozor” va “Yerqo‘rg‘on” bozoridagi zamonaviy tipda qurilgan 6 ga 4 (6 metrga 4 metr) hajmdagi savdo do‘konlari ham 38–40 million atrofida sotilayotganini ma’lum qilib, Furqat ko‘chasida qurilayotgan 4 ga 5 hajmdagi yangi do‘konlar narxi 80–83 millionga baholanishi adolatsizlik ekanligini ta’kidladi.
Shahar hokimi o‘rinbosari Ulug‘bek Avazovning ta’kidlashicha, qurilish tashkiloti Qarshi shahar obodonlashtirish boshqarmasi tarkibida tuzilishi mo‘ljal qilingan, biroq hali tuzilmagan. Na nomi va na rahbari ma’lum bo‘lgan qurilish tashkiloti Sharq ko‘chasidagi 4 ga 5 hajmdagi 40 ta savdo do‘konini qurish mas’uliyatini o‘z zimmasiga olgan. Mana sizga topishmoq. O‘yla, izla top deganlari shu bo‘lsa kerak, hoynahoy.
“Shahar hokimi Jamshid Fozilov va quruvchining tili bir, — deydi tadbirkor Farhod Halimov. – Biz bergan taklif asosida ular ish boshlab yuborishdi. Ular do‘konni qurib, xohlagan narxida sotmoqchi bo‘lishyapti”.
Tadbirkor Ramazon Qobilovning aytishicha, shahar hokimligi tomonidan biriktirilgan quruvchi tashkilot rahbari tadbirkorlarga do‘koni uchun to‘lab berilgan 20–25 million so‘m pulni quruvchi tashkilot hisobiga o‘tkazib, keyin qolgan pulini ham o‘sha zahoti to‘lab berishsa yangi qurilayotgan do‘konlardan berishi mumkinligini aytgan. Ramazon Qobilovning so‘ziga ko‘ra, quruvchi tashkilot rahbari yangi qurilayotgan savdo do‘konlari narxi 81–83 million atrofida bo‘lishini bildirgan.
“Rejamiz tasdiqlansa, Sharq ko‘chasida qurilayotgan savdo do‘konlarini do‘koni buzilgan tadbirkorlarga berishni mo‘ljallayapmiz, — deydi shahar hokimligi mutasaddisi Ulug‘bek Avazov. — O‘shanda tadbirkor do‘koni uchun olgan 20-25 million pulini dastlabki badal sifatida to‘lasa, qolganini bankdan kredit evaziga olib, to‘lab borishi mumkin”.
“Bizning buzilayotgan savdo do‘konlarmiz 20–25 million so‘m atrofida baholanayaptiyu, yangi qurilayotgan do‘kon 81–83 million atrofida ekanligi aytilmoqda, — deydi Ramazon Qobilov. – O‘z aslida o‘sha qurayotgan do‘konlarining xarajati nari borsa 25 millionga boradi-ku. Nega endi buncha qimmat baholashmoqda?”
O‘zini tanishtirishni xohlamagan tadbirkorning aytishicha, ushbu hudud savdo uchun eng qulay joy bo‘lib, bu yerdan qurilayotgan savdo do‘konlariga talab yuqori bo‘lishi tayin ekan. “Shuning uchun ham yangi qurilayotgan do‘konlarni shaharning “Farhod”, “Yerqo‘rg‘on” bozorlaridan kelayotgan tadbirkolarga sotib yuborishlaridan, ertaga ko‘chada qolishdan qo‘rqyapmiz. Bizning maqsadimiz tadbirkorlik faoliyatimizni davom ettirish”, — deydi ismini ochiqlashni istamagan tadbirkor.
“Daryo” muxbiri bilan suhbat davomida savdo do‘koni egalari shahar obodonlashtirilishiga hech qanday qarshiligi yo‘qligini, bundan xursand bo‘lishlarini, ammo shahar obodonchiligi deb tadbirkorlarni ham qaqshatmaslik kerakligini, ularga imtiyoz berilishidan umid qilishayotganini aytishdi.
“To‘g‘ri, yer davlatniki olaman desa oladi, — deydi tadbirkor Farhod Halimov. – Ammo bu degani tadbirkorning “burnini qonatish kerak” deganimas-ku. Insof bilan ish qilishsin. Do‘konimizni buzib, qayerdan yangi do‘kon qilinishini aytishsa, mayli, o‘zimiz zamonaviy ko‘rinishda qurib olamiz. Hammasiga rozimiz, faqat bizni tirikchiligimizdan mosuvo qilishmasin”.
Shahar hokimi o‘rinbosarining aytishicha, Furqat ko‘chasidagi qolgan 41 ta savdo do‘koni 21-martdan keyin buzilib, o‘rnida gullar ekilgan saylgoh qad rostlaydi. Shuningdek, do‘konlarga qarama-qarshi tomondagi 13 ta xonadonning shahar obodonchiligi talabiga javob bermaydigan 8–9 tasi ham buzilishi va o‘rnida ikki qavatli bino qad rostlashi ko‘zda tutilgan.
“Uy egalari ham ogohlantirilgan, — deydi mutasaddi. — Xonadon egalariga qayta qurish taklifini beryapmiz. Ammo quraman deganlari kam. Shuning uchun fursatdan foydalanib, tadbirkorlarga aytmoqchimanki, 4 nafar tadbirkor birikib, o‘sha xonadon egalari bilan kelishgan holda talabga javob bermaydigan uyini sotib olib, davlat to‘lab berishi lozim bo‘lgan kompensatsiya pulini to‘lab berishsin va qayta zamonaviy tipdagi do‘kon qurib foydalanishsin. Xohlashsa, pastki qavatidan do‘kon, ustki qavatidan esa uy sifatida foydalanishsin”.
Ulug‘bek Avazovning ma’lumot berishicha, ushbu hududda uyi buzilishi ko‘zda tutilgan xonadon egalariga Qarshi shahrining “Xudoyzod” mahallasidan yer beriladi hamda uyning kompensatsiya puli ham oldindan to‘lab beriladi.
Furqat ko‘chasida savdo qilayotgan tadbirkorlarning hisob-kitobiga ko‘ra, ushbu buzilayotgan 53 ta savdo do‘konida 200 ga yaqin tadbirkor tirikchilik qilar ekan. 200 nafar oila boquvchisi xonadonida 5 nafar kishidan iborat oila-a’zolari bo‘lsa, bu tadbirkor qo‘liga 1000 nafar “qora ko‘z” qarab turibdi degani. Maqolamizni Qarshi shahar hokimiga bir savol bilan yakunlamoqchimiz: “53 ta do‘kon buzilib, adolatsizlikka yo‘l qo‘yilsa, 1000 nafar qora ko‘z taqdiri nima bo‘ladi?”
Izoh (0)