Olimlar AQShning g‘arbiy qismidan Shimoliy Amerikaning eng qadimiy tirannozavrlarining qoldiqlarini topdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Olimlarning fikricha, “Mezozoy davri qirollari” faqatgina dinozavrlar davrining so‘ngiga kelibgina ulkan hayvonlarga aylangan. Ungacha esa tanasi u qadar katta bo‘lmagan.
“Tirannozavrlar mustahkam jag‘ suyaklari, o‘tkir ko‘rish qobiliyati va tez o‘sishi tufayli quruqlikda 15 million yil yashagan. Ammo ular har doim ham “tog‘ qiroli” bo‘lmagan. Evolyutsiyasining birinchi bosqichida ular allozavr va boshqa yirtqichlarga o‘rin bergan. Ammo ular qachon beozor jonivordan yirtqich hayvonga aylangani hozircha bizga noma’lum”, — deydi Shimoliy Karolina universiteti (AQSh) vakili Lindsi Zanno.
So‘nggi yillarda tirannozavrlar va Mezozoy davrining eng yirik ikki oyoqli yirtqich dinozavrlari bo‘lmish tetanurlarning tashqi ko‘rinishi tubdan o‘zgargan.
Bugungi kunda olimlar tirannozavrlarni “Yura davriga sayohat” yoki boshqa filmlardagi kabi o‘tkir tishli bo‘lmagan va tanasi tangalar bilan qoplanmagan degan fikrda. Aksincha, ular qanotli jonivor bo‘lib, tishlari ichki lablari ortiga yashiringan bo‘lgan.
“Mezozoy qirollari” aslida yirtqich bo‘lganmi yoki o‘laksaxo‘rmi, ularning qay darajada tez o‘sgani, yangi tug‘ilgan bolalari qanday ko‘rinishda bo‘lgani hozircha noma’lum. Ba’zi paleontologlar yosh tirannozavrlar kattalariga o‘xshamasligini, hatto boshqa yeguliklar bilan oziqlanganini aytadi. Ammo bu nazariya hali tasdiqlanmagan.
Zanno va uning hamkasblari bu savollarning ko‘piga javob izlab, Yuta shtatida qazilma ishlarini olib borgan. U yerdan taxminan 97-95 million yil ilgari shakllangan turlarni topgan. Bu esa ilk ulkan dinozavrlar paydo bo‘lishidan ancha oldingi vaqt. O‘n yillik izlanishdan so‘ng Zanno va uning jamoasi noodatiy tirannozavrning tishlari va oyoq suyaklarini topgan. Suyaklar og‘irligi 87 kilogramm, uzunligi 1,2 metr bo‘lgan juda nozik dinozavrga tegishli bo‘lgan. Uning kattaligi gavdali it yoki bug‘udek kelgan. Olimlar unga Moros intrepidus, ya’ni “halokatning qo‘rqmas xabarchisi” deb nom bergan.
Uning suyak qoldiqlarini boshqa qadimiy yirtqichlarniki bilan solishtirganda, olimlar uni bir necha yil oldin O‘zbekistondan topilgan “Temurlang” tirannozavri hamda Xitoydan topilgan dilunga qarindosh ekanini aniqlagan.
Izoh (0)