Shavkat Mirziyoyev Myunxen shahrida Germaniyaning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unda Siyemens, Thyssenkrupp, Volkswagen, Knauf, Claas, MAN, Deutsche Bahn, Linde Group, Falk Porcshe Technik, Atlas International, Tenova, Giyesecke & Devriyent, Papenburg, Euler Hermes, Deutsche Bank, Commerzbank kabi Yevropa va jahon bozorining yetakchi kompaniyalari, moliyaviy tuzilmalari rahbarlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda bugungi kunda O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan yangilanish va islohotlar, ayniqsa, iqtisodiyotning erkinlashtirilayotgani mamlakatning izchil rivojlanishi va aholi farovonligining yuksalishi uchun shart-sharoit yaratayotgani ta’kidlandi.
Xorijiy investorlar bilan bevosita muloqot qilish maqsadida, amalga oshirilayotgan islohotlarni maslahat va ekspertlik jihatidan qo‘llab-quvvatlash, dolzarb masalalar, jumladan, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish uchun Prezident huzurida Ekspert kengashini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Davlat rahbari uchrashuv ishtirokchilarini ushbu kengash faoliyatida faol ishtirok etishga taklif qildi.
Samarali savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlashda Germaniya iqtisodiyoti sharqiy qo‘mitasi muhim o‘rin egallashi ta’kidlandi.
Tashkil etilayotgan Investitsiya va texnologiyalar qo‘mitasi o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikning yangi mexanizmiga aylanishi lozimligi qayd etildi.
Germaniya ishbilarmon doiralari vakillari O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, valyuta va soliq tizimlarining liberallashuvi, viza olish tartibi soddalashtirilgani, jumladan, 30 kungacha muddatga vizasiz tartib joriy etilgani O‘zbekistonda muvaffaqiyatli biznes yuritish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratganini ta’kidladi.
14-yanvar kuni Berlin shahrida bo‘lib o‘tgan biznes-forumda qiymati 8 milliard yevrodan ziyod shartnoma va kelishuvlar imzolangani buning dalilidir.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Germaniya moliyaviy tashkilotlari, firma va kompaniyalari o‘rtasidagi sheriklikni yanada rivojlantirish, investitsiya-texnologik hamkorlikni kengaytirish hamda kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi.
—Biz bu hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdormiz, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — O‘zaro ishonchga asoslangan istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz.
Muloqotda O‘zbekiston va Germaniya moliya muassasalari, firma va kompaniyalari o‘rtasida aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish hajmini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Izoh (0)