13-dekabrning asosiy yangiliklari — “Daryo” dayjestida.
Shavkat Mirziyoyev 13-dekabr kuni Qashqadaryo viloyatiga yetib keldi. Prezident Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasining GTL zavodida bo‘ldi. Yakkabog‘ tumanida “Sag agro Yakkabog‘” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilayotgan yong‘oqzor va bodomzorlarni borib ko‘rdi. Muborak tumanidagi zamonaviy issiqxona bilan tanishdi.
***
Bugun, 13-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining o‘n yettinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Senat raisi qonun hujjatlarining rus tilida e’lon qilinishini davlat tiliga hurmatsizlik deb atadi. SSV ruhiy holati buzilgan shaxslarni aniqlash bo‘yicha sust ishlayotgani, oqibatda ular tomonidan og‘ir jinoyatlar sodir etilayotgani ta’kidlandi. “O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘risida”gi Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. O‘zbekistonda jinoyat protsessining barcha ishtirokchilari qonuniy himoya qilinishi belgilandi. Shuningdek, Senat yalpi majlisida Jahongir Ortiqxo‘jayev va Jamshid Qo‘chqorov investitsiya uchun kurash masalasida bahslashdi.
***
23-dekabr kuni Namanganda noodatiy tadbir e’lon qilindi. “Namangan haydovchilari” 400 ta avtomashina ishtirokida ramziy archa yasaydi. Mazkur tadbirni viloyat Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, YHXB avtomobillari ham aksiyada ishtirok etib, ular mashinalar archasining yulduzi bo‘ladi.
***
Namangan shahrining “Chorsu” dehqon bozoriga chaqirilgan tez tibbiy yordam mashinasi bozor darvozasi qulf bo‘lgani uchun ichkariga kirolmay, 15 daqiqa turib qoldi. Bu holatni darvoza oldidagi “Paynet” shoxobchasi va oziq-ovqat do‘koni egalari ham tasdiqladi. Ularning aytishicha, kalit oldinlari har ehtimolga qarshi ularda turgan, biroq mazkur hodisadan avval 10-15 kun davomida ularda berilmagan.
***
Toshkent shahrining Turizm brendi sifatida Toshkent shahri yozuvi hamda manzarasi aks etgan logotip qabul qilindi. Mazkur Turizm brendi xorijiy va mahalliy turizm ko‘rgazmalarida, savdo yarmarkalarida,tashkil etilgan turli tadbirlarda, Toshkent shahri va madaniy obyektlariga yo‘naltiruvchi yo‘l xaritalarida, gaydbuklarda, reklama banerlar va bilbordlarida, shaharning turizm salohiyatini targ‘ib qiluvchi video-roliklar va ko‘rsatuvlarda, turizm obyektlarida va uning atrofida joylashgan savdo rastalarida sotilayotgan suvenir-sovg‘a, kiyim-boshlar, milliy mahsulotlarda aks ettiriladigan bo‘ldi.
Izoh (0)