O‘zbekistonlik o‘quvchilar Xalqaro matematika, kimyo va fizika fanlari bo‘yicha (integratsiyalashgan) o‘tkazilgan olimpiadada umumjamoa hisobida 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bu haqda Xalq ta’limi vazirligi xabar bermoqda.
Joriy yilning 10—13 dekabr-kunlari Ozarbayjon Respublikasining Boku shahrida matematika, fizika va kimyo fanlari bo‘yicha 16 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida “Iste’dodlilarni tayyorlash labaratoriyasi“ II xalqaro bolalar olimpiadasida Buxoro viloyati Qorako‘l tumani 1-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi Doniyor Ismoilov va Sevara Ostonova hamda 8-sinf o‘quvchisi Lazizbek Rajabboyev ishtirok etdi.
“Iste’dodlilarni tayyorlash labaratoriyasi” II xalqaro bolalar olimpiadasida 12 ta davlatdan 112 nafar o‘quvchilar qatnashdi.
Mazkur xalqaro olimpiadada o‘quvchilar O‘zbekiston yoshlar ittifoqi ko‘magida ishtirok etdi. Ushbu olimpiadada o‘zbekistonlik o‘quvchilar ilk marotaba ishtirok etishayotgan bo‘lishlariga qaramay, matematika va fizika fanlaridan g‘oliblikni qo‘lga kiritib umumjamoa hisobida 2-o‘rinni egalladi.
Olimpiada ishtirokchilari 15-dekabr kuniga qadar Boku shahrida dastur doirasida sayohatlarda ishtirok etib, 16-dekabr kuni O‘zbekistonga qaytadi.
Izoh (0)