O‘zbekistonda avtomobil o‘g‘irlanishiga qarshi uskuna sinovdan o‘tkazilmoqda. Ijobiy natijalardan so‘ng u mamlakatdagi transport vositalarida o‘rnatilish uchun tavsiya etilishi mumkin, deb xabar qilmoqda Sputnik.
“Avtomobil o‘g‘irlanishiga qarshi Rossiyaning ’Sokrat’ qo‘riqlash agentligi tomonidan ishlab chiqarilgan bort komplekti mavjud. Avtomobil ushbu moslamaga datchiklar orqali ulanadi. Datchiklar qo‘riqlash xizmati xodimlariga monitoring davomida transport vositasining harakatlanishi, sarflari, ayni vaqtda transport vositasi qayerda harakatlanayotgani, yurg‘izilgan yoki yurg‘izilmagani, hatto eshiklari ochiq-ochiq emasligigacha ko‘rsatib turadi”, — dedi Toshkent shahar qo‘riqlash xizmati vakili Farhod Ochilov.
Ta’kidlanishicha, transport vositasi o‘g‘rilar tomonidan ochilgani haqida tashvish xabari kelib tushadigan bo‘lsa, qo‘riqlash xizmati xodimlari avtomobilni shu zahoti to‘xtatishi, eshiklarini bloklashi va mutlaqo harakatdan cheklashi mumkin.
Ochilov, shuningdek, ushbu uskunani tashqaridan o‘chirib qo‘yadigan “glushitellar” mavjud emasligini qayd etdi.
“Hozirda ushbu moslama transport vositalarining birida sinovdan o‘tkazilmoqda. Tegishli ijobiy ko‘rsatkichlardan so‘ng qo‘riqlash xizmati uni respublikada joriy etish bo‘yicha ishlarni boshlab yuboradi”, — dedi xizmat vakili.
Izoh (0)