Namanganda Zulfiya nomidagi davlat mukofoti tanlovining viloyat bosqichida 134 nafar nomzod respublika bosqichiga o‘tish uchun bellashdi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Irodaxon Qo‘chqorova ma’lum qildi.
— Tanlovning boshlang‘ich bosqichlarida 1193 nafar qizimiz qatnashdi. Ulardan eng munosiblari saralanib, viloyat bosqichiga 134 nafar nomzod taklif etildi. Bu yil fan, ta’lim, madaniyat, adabiyot va san’at yo‘nalishlari qatoriga sport alohida yo‘nalish sifatida, jamoatchilik esa yangi yo‘nalish bo‘lib qo‘shildi, — deydi Irodaxon Qo‘chqorova.
Viloyatdan shu kungacha 20 nafar qiz Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohibi bo‘lgan. Ular orasida shoira Gulchehra Zokirova (Benazir) ham bor.
—2003-yili adabiyot yo‘nalishida shu mukofotga sazovor bo‘lgandim. O‘tgan yillar davomida uchta she’riy kitobim chop etildi, yana bir yangisi nashrga tayyorlanmoqda. Bu yilgi viloyat bosqichida o‘zim tanlov komissiyasi safida qizlarimizning ishlarini baholayapman, — deydi “Namangan” nashriyoti bosh muharriri G.Zokirova.
Viloyat bosqichida ishtirok etish uchun Yangiqo‘rg‘on tumanidan kelgan 17 yoshli Marjona Abdullajonovaning aytishicha, kulolchilik qizlar orasida ko‘p ham ommalashmagani unga biroz bo‘lsa ham dalda berdi.
—10 yoshimdan beri kulolchilik bilan shug‘ullanib kelaman. Viloyat bosqichida hakamlarga havola etish uchun o‘zim yasagan tovoq, lagan, ko‘za va keramik haykalchalarimni olib keldim. “San’at” yo‘nalishida ishtirok etyapman, respublika bosqichiga ham yo‘l olaman, degan umidim bor, — deydi Marjona.
Ma’lumot uchun, Zulfiya nomidagi davlat mukofotiga nomzodlar tanlovining viloyat bosqichida qatnashganlarning eng ko‘pi “San’at” (29 nafar ishtirokchi), “Sport” (23) va “Adabiyot” (20) yo‘nalishlarida o‘z iste’dodini namoyish etdi.
Izoh (0)