Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan Toshkent shahrida press-tur tashkil etildi. Unda jurnalistlar mamlakatda ushbu tuzilma tomonidan amalga oshirilayotgan loyiha va dasturlar ijrosi bilan tanishdi, deb yozadi O‘zA.
So‘nggi yillarda Agentlik tashabbusi bilan mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy va gumanitar sohalardagi hamkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda. “Yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi va nazorati”, “Kadrlar tayyorlash uchun stipendiyalar ajratish” (JDS), “Kichik grantlar dasturi”, “To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasini qurish” loyihalari shular jumlasidan.
Tibbiyot tizimidagi sheriklik ham JICAning O‘zbekistondagi faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Tadbir ishtirokchilari poytaxtdagi Respublika Nogironlarni reabilitatsiya qilish va protezlash milliy markazida bo‘lib, bu boradagi hamkorlik samaralari haqida atroflicha ma’lumotga ega bo‘ldi.
Markazda JICA tomonidan taqdim etilgan grant hisobiga 59 turdagi tashxis va davolash asbob-uskunalari xarid qilingan.
“Bugungi kunda zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan markazda kasallikni erta aniqlash va davolash ishlari bepul amalga oshirilmoqda, — deydi milliy markaz davolash ishlari bo‘yicha bosh shifokor o‘rinbosari Zayniddin Bekmurodov. — Ushbu apparatlar nogironligi bor bemorlarga aniq tashxis qo‘yish barobarida beriladigan tavsiyalarni asoslash va nuqsonlarni bartaraf etish imkonini bermoqda”.
Jurnalistlar poytaxtdagi 2-son Bolalar va o‘smirlar sport maktabida ham bo‘lib, suzish sporti bo‘yicha yaponiyalik ko‘ngilli murabbiy faoliyati bilan yaqindan tanishdi.
Izoh (0)