Hukumat qarori bilan Davlat boji stavkalariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.
Kiritilgan qo‘shimchalarga muvofiq, endilikda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda otalikni tan olish (belgilash), bolaning u yoki bu onadan tug‘ilganligi, shuningdek tug‘ilgan vaqti faktlarini aniqlash to‘g‘risidagi arizalarni ko‘rganlik uchun davlat boji undirilmaydi.
Notariuslar tomonidan mol-mulkni ijaraga berish bilan bog‘liq shartnomalar tasdiqlanganida qaysi holatlarda davlat boji undirilishiga aniqlik kiritildi, ya’ni davlat boji mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini tasdiqlaganlik yoki unga o‘zgartirishlar kiritganlik uchun undiriladi.
Shuningdek, ushbu shartnoma taraflarining biri yuridik shaxs bo‘lganida davlat boji eng kam oylik ish haqining 2 baravari miqdorida undiriladi. Ilgari bu holatga aniqlik kiritilmagan edi.
Bundan tashqari, mol-mulkni ijaraga berish shartnomasini bekor qilganlik va qarz shartnomalariga o‘zgartirishlar kiritganlik yoki uni bekor qilganlik uchun davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizini tashkil etadi.
Kiritilgan yana bir qo‘shimchaga ko‘ra, notariuslar tomonidan notarial harakatlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining binolarida sayyor qabullar chog‘ida amalga oshirilganida davlat boji o‘z miqdorida undiriladi.
Shuningdek, qaror bilan nikoh shartnomasini va aliment to‘lash haqida kelishuvni notarial tasdiqlash, ularga o‘zgartirishlar kiritish yoki bekor qilishda davlat boji undirilmasligi belgilandi.
Izoh (0)