O‘zbekistonda “ChЕTRA” brendi ostida traktorlar ishlab chiqariladi. Bu haqda Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston va Rossiya hududlararo hamkorlik forumining sho‘ba majlisida ma’lum qilindi, deya xabar beradi “Xalq so‘zi”.
— O‘zbekiston — iqtisodiyoti tez rivojlanayotgan davlat, — dedi Rossiyaning “Promtraktor” MCHJ bosh direktori Vladimir Antonov. — Biz hamkorlikda mamlakatda traktorlar, shuningdek, zanjirli ekskavatorlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yamiz. Bizning kompaniyamiz 1975-yilda tashkil etilgan bo‘lib, u yiliga 27,5 mingta texnika, jumladan, yetti modeldagi buldozerlar ishlab chiqarish quvvatiga ega.
“O‘zbekiston — Rossiya hududlararo hamkorligining yangi bosqichi: loyihalar va klasterlar“ mavzusidagi mazkur sho‘ba majlisida O‘zbekiston hududlarining sanoat salohiyati, erkin iqtisodiy zonalarda chet ellik investorlarga taqdim etiladigan imtiyozlar, klaster usulida tashkil etilgan zamonaviy ishlab chiqarish majmualari haqida ma’lumotlar berildi. O‘z navbatida, Rossiyada xuddi shu yo‘nalishdagi islohotlar bilan tanishildi.
Yakunda Iqtisodiyot vazirligi hamda Rossiya klasterlar va texnoparklar assotsiatsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolandi.
Izoh (0)