Joriy yilning 18—20-oktabr kunlari Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida an’anaviy “Turklang—2018: Turkiy tillarni kompyuterli qayta ishlovi” mavzusidagi VI Xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Bu haqda universitet matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Konferensiya turkiy tillarning formal modellari, kompyuter tizimi va terminologiyaning milliy lokallashuvi, korpusshunoslik, matnni qayta ishlovchi ilova, nutq texnologiyasi, mashina tarjimasi, turkiy tillarni o‘rganishda intellekt tizimlari va texnologiyalari hamda turkiy tillarning lingvistik ontologiyalari yo‘nalishlarida olib borilayotgan tadqiqotlar bo‘yicha o‘tkaziladi.
Mazkur anjuman 2013-yilda ilk bor Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, shu kungacha Qirg‘iziston, Turkiya va Tatariston (Rossiya Federatsiyasi) unga mezbonlik qilgan. Anjumanda dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan 100 ga yaqin turkolog, tilshunos va kompyuter lingvistikasi bilan shug‘ullanuvchi dasturchilar ishtirok etmoqda.
Mazkur yirik xalqaro konferensiya ToshDO‘TAUning Axborot va zamonaviy pedagogik texnologiyalar kafedras mudiri Saodat Muhammedovaning qayd etishicha, turkiy xalqlarning kompyuter lingvistikasi sohasida birlashishi davlatlarning ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan ham yuksalishiga xizmat qiladi.
Konferensiyaning qismi sifatida doimiy o‘tkazilib kelinayotgan “Turkiy tillarning elektron korpusida Grammatik annotatsiya tizimlarining unifikatsiyasi” bo‘yicha UniTurk seminari ham bo‘lib o‘tadi.
Izoh (0)