Coliq qarzini qisqartirish maqsadida Davlat soliq qo‘mitasi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining qo‘shma buyruqlariga asosan 1121 nafar xodim yuridik va jismoniy shaxslarning soliq qarzini sud tartibida undirish ishlariga jalb qilindi. Bu haqda “Daryo”ga qo‘mita jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi ma’lum qildi.
Hamkorlikdagi tadbirlar natijasida 2018-yilning 9 oyi davomida 27669 nafar qarzdordan jami 1 583,7 milliard so‘m mablag‘ davlat budjetiga undirildi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektlar hamda aholi o‘rtasida profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, Soliq kodeksining 59, 65-moddalariga asosan soliq to‘lovchilar zimmalaridagi soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarishlari, belgilangan to‘lovlarni muddatidan kechiktirmasdan to‘lashlari lozimligi tushuntirilmoqda.
Biroq ogohlantirishlarga qaramasdan budjetga tushishi kerak bo‘lgan soliqlarni to‘lamagan 8982 nafar qarzdorning 428,5 milliard so‘mlik 1695 ta transport vositasi, 1354 ta bino- inshooti, 14081 ta ofis jihozi hamda boshqa turdagi mol-mulklari kimoshdi savdolari orqali sotish va tushgan mablag‘lardan soliq qarzini to‘lash uchun xatlovga olindi.
Bunday tadbirlardan ko‘zlangan maqsad kimnidir jazolash yoki birovning mulkini olib qo‘yish emas, aksincha, qonun ustuvorligini ta’minlash, aholi manfaatlarini himoya qilish ekanligi bildirilmoqda.
Izoh (0)