O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “O‘zbekiston Respublikasida tez tibbiy yordam xizmatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi.
Qarorda sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish yuzasidan ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, tez tibbiy yordam ko‘rsatish sohasida qo‘yilgan vazifalarni to‘liq bajarishga to‘sqinlik qilayotgan bir qator tizimli muammolar va kamchiliklar saqlanib qolayotganligi qayd etilgan.
“Jumladan, respublikada tez tibbiy yordam xizmatini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini yaratish yuzasidan qabul qilingan bir nechta qarorlarning natijalari bugungi kunga qadar sezilmayapti. Tez tibbiy yordam chaqiruvlarini qabul qilish va ularga xizmat ko‘rsatish eskicha, qo‘l mexanizmlari yordamida bajarilmoqda.
Tez tibbiy yordam ko‘rsatish vaqtida bemorlarning kasalxonaga yetib borgunga qadar vafot etishi ko‘payib bormoqda. Toshkent, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlarida esa o‘lim soni ikki baravardan to‘rt baravargacha oshgan.
Murojaatlarni saralashning amaldagi tartibi mavjud kuch va vositalarni eng muhim chaqiruvlarga xizmat ko‘rsatish uchun yo‘naltirish imkonini bermaydi, natijada yolg‘on chaqiruvlar soni oshmoqda yoki surunkali kasalliklari avj olgan, biroq hayoti xavf ostida bo‘lmagan bemorlarga xizmat ko‘rsatilmoqda.
Ajratilayotgan budjet mablag‘lari sifatli tez tibbiy yordam ko‘rsatish va uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash imkonini bermayapti”, — deyiladi qarorda.
Qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishish mumkin.
Izoh (0)