Xitoyda oziq-ovqat yetkazib beruvchi kuryer qon bilan “110” raqami yozilgan oq yostiqni ko‘rib qolib, yotoqxonada 30 soat davomida ovqatsiz va suvsiz qolgan ayolni qutqardi. Bu haqda South China Morning Post xabar berdi.

Hodisa 12-avgust kuni Sichuan provinsiyasidagi Leshan shahrida yuz bergan. Kuryer yozgi ta’til paytida ishlayotgan Chjan ismli talaba bo‘lgan. U turar joy majmuasi yo‘lakchasidan qonda “110 625” raqamlari yozilgan yostiqni ko‘rib qolgan.
“Kimningdir xavf ostida ekanidan xavotirlangan Chjan darhol politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan”, deyiladi xabarda.
Yaqin atrofdagi mehmonxona xodimi yostiqning dizaynini tanigan va uning yordamida 6-binoning 25-qavatidagi xonaga borgan. “625” raqami qavat va xona raqamiga mos kelgan.

Politsiya dastlab zo‘ravonlik yoki odam o‘g‘irlash holatidan shubhalangan. Biroq eshikni buzib kirgach, ayolning 30 soat davomida tasodifan yotoqxonada qulflanib qolganini aniqlagan.
Chjou uyni tozalayotganda, to‘satdan esgan kuchli shamol yotoqxona eshigini yopib yuborgan. Buzuq qulf tufayli u ichkarida qamalib qolgan. Jabrlanuvchining telefoni esa mehmonxonaning zalida qolib ketgan.
Ayol eshikni tepib, taqillatib ko‘rgan. Hatto qo‘shnilarni ogohlantirish umidida oyoqlarini yerga urib, sakragan, ammo natija bermagan. U e’tiborni tortish uchun derazadan qizil kostyumini osib qo‘ygan va karavotidagi taxtalarni pastga tashlagan. Lekin bu signallarni hech kim payqamagan.
Shundan so‘ng u barmog‘ini tishlab, qoni bilan oq yostiqqa “110 625” deb yozib, uni derazadan tashqariga otgan.
“Politsiya eshikni buzib kirganida, xuddi oilamni ko‘rgandek quvonib ketdim”, dedi Chjou qutqarilgach.
U minnatdorlik sifatida Chjanga 1 000 yuan (140 AQSH dollari) taklif qilgan, biroq kuryer buni qabul qilmagan.
“U hali talaba bo‘lishiga qaramay, pulni olishni xohlamadi. Bu meni chuqur ta’sirlantirdi. Jamiyatning mehr-oqibatini his qildim”, degan ayol.
“Bu shunchaki kichik bir yaxshilik edi, har kim politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan bo‘lardi”, degan kuryer.
Talaba ishlayotgan Meituan kompaniyasi unga “Pioneer Rider” faxriy unvonini bergan va 2 000 yuan mukofot bilan taqdirlagan.
Izoh (0)