Samarqand viloyat hokimligi, viloyat ichki ishlar boshqarmasi, Yoshlar ittifoqining viloyat kengashi hamkorligida “Yoshlar – armiyamiz kelajagi” shiori ostida tadbir o‘tkazildi. Tadbirda harbiy qism xizmatchilari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari, “Temurbeklar maktabi” hamda Ichki Ishlar Vazirligiga qarashli Samarqand akademik litseyi o‘quvchilari, milliy gvardiya va Samarqand xalqaro aeroporti chegara nazorati xodimlari, 64-sonli maxsus maktab internati tarbiyalanuvchilari ishtirok etishdi. Bu haqida “Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev xabar bermoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ichki ishlar tizimida olib borilayotgan islohotlar va ularning samaralari haqida gapirib bugun yoshlarning bu sohaga qiziqishlari juda yuqori ekanligini ta’kidlashdi. Ishtirokchilarning turli chiqishlari barchada katta qiziqish uyg‘otdi.
Harbiy qismning “Lochinlar” guruhining ko‘rgazmali chiqishlari, kinologiya xizmati o‘rgatilgan itlarining turli mashqlarni bajarishi hamda injener muhandislar, ya’ni sapyorlar guruhining mashg‘ulotlari qatnashchilarda katta taassurot qoldirdi.
“Ochiq eshiklar kuni” sifatida o‘tkazilgan ushbu tadbir davomida kitoblar yarmarkasining tashkil etilishi yoshlarning kitobga bo‘lgan mehrini yana bir karra oshirdi.
Shuningdek tashkilotchilar tomonidan futbol musobaqasining uyushtirilishi ulardagi sportga bo‘lgan qiziqishlarini yana bir marta sinovdan o‘tkazdi.
Izoh (0)