“Qashqadaryo ziyokori” gazetasining 2018-yil 1-oktabr sonida jurnalist Otabek Qo‘ldoshеvning Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani aholisini qiynayotgan muammolar aks etgan maqolasi chop etildi. Quyida maqola to‘liqligicha e’tiboringizga havola etiladi.
Tahririyatimizga yo‘llangan galdagi murojaat o‘zgachaligi bilan bizni quvontirdi. Odatda jurnalist sifatida har safar muammolar yechimi bilan qiziqqanimizda, rahbarlar qarshiligiga uchrayverganimizdanmi yoki murojaat rahbar kishidan bo‘lgani uchunmi noodatiy bo‘lib ko‘rindi bizga. Lekin nima bo‘lganda ham muammoni xaspo‘shlash o‘rniga o‘zini Prezident jamoasidan deb bilib, o‘zidan “tepa”ning qosh-qovog‘iga qaramasdan muammoni dangal aytolgan va yechimi haqida qayg‘urgan Qarshi tumanidagi Agrosanoat kasb hunar kolleji direktori Muzaffar Abbosovning jasorati bizni hayratlantirdi...
Gap shundaki, Hilol qishlog‘idagi mazkur kollej rahbari hududga yaqin masofada joylashgan umumta’lim maktablarining 10—11-sinf o‘quvchilari kasb o‘rganishi uchun barcha sharoitlari bisyor kollejga emas, tayinli jihozlari bo‘lmagan maktabdagi o‘quv ishlab chiqarish majmualarida olib o‘tirilganidan norozi.
— Prezidentni yana aldashayotgani, o‘quvchilarga kasb hunar o‘rgatayapmiz deya ilgarigidan-da, battar ahvolga olib kelishayotgani meni qiynayapti, — deydi direktor. Vijdonan ayting, birorta tikuv dastgohisiz ham yoshlarga tikuvchilik sirlarini o‘rgatish mumkinmi? O‘tgan o‘quv yilida Qarshi tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 5, 61, 29, 31, 54, 60, 66, va 67-umumta’lim maktabidan jami 208 nafar o‘quvchilar maktabda ta’lim olish bilan birga, kollejimizda kasb hunar o‘rganishgan. Ammo bu yil 5 va 61-umumta’lim maktabi o‘quvchilarigina kollejda kasb o‘rganishda davom etishmoqda. Qolgan maktablar esa xalq ta’limi bo‘limining nuqtayi nazariga ko‘ra, masofaning uzoqligini bahona qilishib, 29 va 60-umumta’lim maktablari tarkibida tashkil etilgan o‘quv ishlab chiqarish majmualariga jalb etilgan. Garchi ushbu maktablarda tashkil etilgan o‘quv ishlab chiqarish majmualari kasb hunar o‘rganish uchun yetarli darajadagi jihozlar bilan ta’minlanmagan bo‘lishsa-da...
Kollej direktorining ta’kidicha, Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 24-oktabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining 10—11-sinf o‘quvchilariga kasbiy ta’lim berishga ixtisoslashgan o‘quv ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida respublikamizdagi barcha umumta’lim maktabining 10—11-sinf o‘quvchilari haftada 1 kun kasbiy fanlarni o‘rganishi belgilangan. Ana shu talabdan kelib chiqqan holda Qarshi tuman xalq ta’limi bo‘limi, hududdagi 31,54-maktab o‘quvchilari 29-umumta’lim maktabida tashkil etilgan o‘quv ishlab chiqarish majmuasida, 66, 67-umumta’lim maktabi o‘quvchilari esa 60-maktabda tashkil etilgan majmuada kasb hunar o‘rganadi degan xulosaga kelishadi. Bu xususida XTB mudiri Anvar Eshonqulov kollej direktorining 3-sentabrdagi №87-sonli xatiga javoban 4-sentabr kuni № 624-sonli javob xati orqali ma’lum qiladi. Xatda keltirilishicha bunday qaror qilishlariga sabab 31, 54, 29-umumta’lim maktablari kollejdan 8—14 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lsa, 60, 66 va 67-umumta’lim maktablari esa 12—16 kilometr masofada joylashganligidir.
Biz ushbu holatni o‘rganish chog‘ida kollejdan 29-umumta’lim maktabigacha bo‘lgan masofani o‘lchadik. Olti kilometrga ham yetmaydi. Aniqrog‘i besh yarim kilometr. 60-umumta’lim maktabi esa nari borsa 11 kilometr masofada joylashgan. Shu o‘rinda taqqoslash uchun bir misol. Qarshi tumanidagi 48-umumta’lim maktabining 71 nafar 10-sinf va 41 nafar 11-sinf o‘quvchilari 14 kilometr yo‘l bosib Qarshi tuman agrobiznes kasb hunar kollejiga haftaning har seshanba va payshanba kunlari kelishib kasb o‘rganishadi. Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Nega endi xalq ta’limi bo‘limi mas’ullari 14 kilometr uzoqlikda joylashgan kollejga “xo‘p” deyishyapti-yu, 11 km.lik kollejga esa “yo‘q” deya oyoq tirashmoqda?
“Bunga sabab shuki, — deydi kollej direktori Muzaffar Abbosov o‘tgan o‘quv yilida 31, 60, 66, 34, 29-maktabining direktorlari, 5-umumta’lim maktabidan esa direktor o‘rinbosari o‘quvchilarining amaliyot darslariga o‘z vaqtida qatnashmayotganliklari, amaliyot davomida kuzatilayotgan kamchiliklari bois ham javobgarlikni zimmasiga olib, kollejning o‘sha paytdagi direktori K.Qurbonovga 25-iyul sanasi bilan tilxat berishgandi. Buni qarangki, biz shunday talab qilganimiz uchun ham ularning ko‘ziga yomon ko‘rindik. Va bu yil ham o‘quvchilarning amaliyot darslariga doimiy qantashishini nazorat qilishimizdan cho‘chishyaptimi yoki boshqa bir sabablari bormi hech qanday jihozga ega bo‘lmagan majmuada dars o‘tamiz deyishmoqda.
Qarshi tuman xalq ta’limi bo‘limi mas’ullarining Vazirlar Mahkamasi qarori ijrosi xususida bosh qotirishayotgani tahsinga loyiq, albatta. Qolaversa, o‘quvchi uchun masofa ham ahamiyatli omil hisoblanadi. Agar haqiqatdan ham kollej, o‘quvchilar uchun noqulay hududda joylashgan bo‘lsa-yu, maktab qoshida tashkil etiladigan o‘quv ishlab chiqarish majmualari kerakli jihozlar va eng asosiysi mutaxassis o‘qituvchilar bilan ta’minlangan bo‘lsa-ku nur ustiga a’lo nur, albatta. Kollej direktori aytayotgandek aksi bo‘lsa-chi?
Kuzatuvlarimiz davomida tumandagi 29 va 60-umumta’lim maktablarida tashkil etilgan o‘quv ishlab chiqarish majmualaridagi shart-sharoitlar bilan ham tanishdik. 29-umumta’lim maktabida tashkil etilgan tikuvchilik yo‘nalishi bo‘yicha tahsil berilishi mo‘ljallangan majmua yaqindagina ta’mirlangan sinfxonada joylashgan bo‘lib, siniq stol va o‘tirsang shimga achinadigan darajadagi stullardan iborat, xolos. Na biror bir (nomigagina bo‘lsa-da) tikuv dastgohi-yu, na bir dazmol taxtasiga ko‘zimiz tushdi. Hech vaqo yo‘q. 60-umumta’lim maktabidagi duradgorlik ustaxonasida esa siniq andava-yu amaliyot o‘qituvchisining aytishicha motorini qo‘ysa ishlaydigan eski tokarlik dastgohigina savlat to‘kib turibdi. Tikuvchilik ustaxonasi esa aksiga olib borgan paytimiz yopiq ekan. Direktor O‘tkir Narzullayev tikuv dastgohlarimiz bor, deya bot-bot takrorladi-yu, ammo ko‘rsatolmadi. Eng qizig‘i har ikkala maktabda ham kompyuter operatorligi bo‘yicha tahsil beruvchi kompyuter xonalari maktab o‘quvchilarining informatika darslari o‘tkazilishi mo‘ljallangan sinfxonalarda joylashgan. Hatto 29-umumta’lim maktabida informatika xonasi bor-yo‘g‘i 1 ta ekanligiga nima deysiz? Vaholanki, 31 va 54-umumta’lim maktablaridan ushbu maktabga kasb o‘rganaman deya 70 nafar “qora ko‘z” yo‘l bosib kelsa, mazkur maktabning ham 70 nafar 10 va 11-sinf o‘quvchilari kasb o‘rganish ishtiyoqida juma va shanba kunlari “o‘zini kasbga bag‘ishlaydi”. Ammo bu bag‘ishlovga yarasha javob bormikin?
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi mutaxassisi Shavkat Fayziyevning ma’lumot berishicha, Vazirlar Mahkamasining yuqorida tilga olganimiz — 2017-yil 24-oktabrdagi 868-sonli qarori ijrosi bo‘yicha Qashqadaryo viloyat hokimining 2018-yil 30-avgustdagi №x-904/08 -sonli qaroriga asosan Qashqadaryo viloyatida jami 281 ta o‘quv ishlab chiqarish majmualari tashkil etilgan bo‘lib, shundan 128 tasi kasb hunar kollejlarida bo‘lsa, 153 tasi umumta’lim maktablarda joylashgan. 2018—2019-o‘quv yilida o‘quv ishlab chiqarish majmualariga viloyat bo‘yicha 81 681 nafar o‘quvchi jalb qilingan bo‘lib, shundan 49 247 nafari 10-sinf, 32 434 nafari 11-sinf o‘quvchilaridir. O‘IChMda 2017—2018-o‘quv yilida 40 ta kasb bo‘yicha ta’lim berilgan bo‘lsa, 2018—2019-o‘quv yilida 51 ta kasb bo‘yicha ta’lim berilmoqda.
Qarshi tumani bo‘yicha jami 19 ta o‘quv ishlab chiqarish majmualari tashkil etilgan bo‘lib, shundan 6 tasi kollejlarda, 13 tasi esa maktablarda tashkil etilgan, — deydi Shavkat Fayziyev. 2018—2019-o‘quv yilida jami 78 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi jihozlanishi uchun buyurtma berilgan bo‘lib, jihozlash ishlari oktabr oyidan boshlanadi. Maktablarda tashkil etilgan O‘IChMlarining nazariy bilimlari kasb hunar kolleji o‘qituvchilar tomonidan berilib, 36 soatlik amaliy mashg‘ulot darslari kollejlarning ustaxonalarida olib boriladi.
Kundek ravshanki, viloyat hokimining o‘quv ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorining qabul qilinishida hudud mas’ullari ya’ni maktablar sharoitini yaxshi biladigan tuman xalq ta’limi mansabdorlarining bergan ma’lumoti alohida ahamiyat kasb etgan. Demakki, tuman xalq ta’limi vakillarining noto‘g‘ri tanloviga ko‘ra Qarshi tumanidagi umumta’lim maktablarida tashkil etilgan 13 ta o‘quv ishlab chiqarish majmualaridan 2 tasi ya’ni 29 va 60-umumta’lim maktablaridagi majmualar bugungi kun talabi darajasida kasb o‘rgatmayapti. Buni jurnalistik kuzatuvlarimiz ham isbotlab turibdi, albatta. Bundan kelib chiqadiki, o‘quvchiga kasb o‘rgatishdagi sa’y-harakatlarimiz ushbu hududda o‘sha-o‘sha eski hammom eski tos shaklida. Gapning indallosini aytganda, kollej direktorining iddaosida jon borga o‘xshab ko‘rinadi. Prezident 10—11-sinf o‘quvchilariga ta’lim berishdan tashqari kasb hunar ham o‘rgatishni talab qilib turgan paytda o‘quv ishlab chiqarish majmualaridagi bu kabi holatlar Qarshi tumanida Prezident talabi bajarilmayotganidan dalolat bermaydimi?
Izoh (0)