Futbol bo‘yicha Portugaliya terma jamoasi sardori va “Yuventus” klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu Millatlar Ligasi doirasida 11-oktabr kuni Polshaga qarshi uchrashuvda va 14-oktabr kuni Shotlandiyaga qarshi o‘rtoqlik o‘yinida milliy terma jamoa safida maydonga tushmaydi.
Associated Press’ning xabar berishicha, futbol bo‘yicha Portugaliya milliy terma jamoasi rahbariyati bu haqdagi qarorni AQShda zo‘rlash bo‘yicha Ronalduga qarshi ish qaytadan ochilgani munosabati bilan qabul qilgan. Portugaliyaning O Jogo nashri ma’lumotlariga ko‘ra, Ronaldu Millatlar ligasi doirasida noyabrda bo‘lib o‘tadigan Polsha va Italiyaga qarshi o‘yinlarni ham o‘tkazib yuboradi.
Eslatib o‘tamiz, 28-sentabr kuni Germaniyaning Der Spiegel nashri 34 yoshli amerikalik Ketrin Mayorganing boshdan kechirganlarini e’lon qilgan edi. Ayolning so‘zlariga ko‘ra, Krishtianu Ronaldu uni 2009-yil 13-iyunida Las-Vegasdagi mehmonxonalarning birida zo‘rlagan. Maqola e’lon qilingach, Las-Vegas politsiyasi Ronalduga qarshi ishni qayta ko‘rib chiqishni boshladi.
Izoh (0)