Braziliyada mamlakat prezidentligiga nomzodlarning yana biri kasalxonaga yotqizildi. Bu safar San-Paulu kasalxonasiga Demokratik ishchilar partiyasidan ko‘rsatilgan nomzod Siru Gomes yotqizilgan. Bu haqda “RBK” xabar berdi.
Xabar berilishicha, u peshob pufagi sohasida noqulaylikni his qilgan. Siyosatchining saylov shtabi tomonidan ma’lum qilinishicha, u kompyuter tomografiyasi tekshiruvidan o‘tgan. Uning prostata bezi koagulyatsiya qilingan. Jarayon muvaffaqiyatli o‘tgan, biroq nomzod biroz vaqtni kasalxonada o‘tkazishi kerak bo‘ladi.
Sentabr oyining boshida Braziliya Sotsial-liberal partiyasidan prezidentlikka nomzod va mamlakat parlamenti deputati Jair Bolsonaru kasalxonaga yotqizilgan. U Juis-di-Fora shahrida qornidan olgan pichoq zarbasi oqibatida kasalxonaga tushgan va muvaffaqiyatli operatsiya qilingan. Biroq keyinroq siyosatchini ko‘ngil aynishi va boshqa operatsiyadan keyingi noqulayliklar bezovta qilgan. Shifokorlar nomzodning ichagida to‘siqni aniqlagan va u shoshilinch ravishda operatsiya qilingan. Ayni paytda u reabilitatsiya kurslarini o‘tamoqda.
Braziliya prezidentligi saylovi 7-oktabr kuni bo‘lib o‘tadi. So‘rov ma’lumotlariga ko‘ra, Bolsonaru saylovoldi poygasining yetakchisi hisoblanadi, uning uchun saylovchilarning 22 foizi ovoz berishga tayyor. Saylovda jami 13 nafar nomzod ishtirok etadi.
Izoh (0)