O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, O‘zbekistonning Hindistondagi elchixonasi hamkorligi va Eriell kompaniyasi homiylik ko‘magida tashkil etilgan media-ivent dasturi doirasida Markaziy va Janubiy Osiyoning ikki yirik davlati xalqlari o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy hamkorlik mavzusiga bag‘ishlangan turkum tadbirlar bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
25-sentabr kuni Hindiston Milliy muzeyida ochilgan “O‘zbekiston—Hindiston: madaniyatlar muloqoti” ko‘rgazmasi ushbu mamlakat jamoatchiligida katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisining birinchi o‘rinbosari S.Safoyev, O‘zbekistonning Hindistondagi favqulodda va muxtor elchisi F.Arziyev, Hindiston madaniyat vazirining o‘rinbosari A.Goel, Hindiston Milliy muzeyi direktori B.Mani va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘pqirrali azaliy hamkorlikni yangi bosqichga ko‘tarishda yangi istiqbollar ochishini ta’kidladi. Milliy muzeyda ochilgan va bir oy davom etadigan qo‘shma ko‘rgazma Hindistonda o‘zbek xalqining boy madaniy-ma’rifiy merosi haqida yanada keng va chuqur tasavvur shakllanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, turli yo‘nalishlar, jumladan, madaniy-ma’rifiy sohada samarali xalqaro hamkorlik qilish uchun yaratilayotgan yangi imkoniyatlar haqida hujjatli film namoyish etildi.
“Kutubxonamizda o‘zbek xalqining madaniy merosiga oid 200 dan ortiq qo‘lyozma saqlanmoqda, — deydi Xudo Baxsh kutubxonasi direktori vazifasini bajaruvchi Robert Chongtu. — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga davlat tashrifi arafasida biz mazkur asarlar katalogini chop etdik”.
“Kutubxonamizda Bobur devonining noyob qo‘lyozma nusxasi saqlanmoqda, — deydi Rampur Raza kutubxonasi direktori, professor Sayid Hasan Abbos. — Hind xalqi uchun mazkur qo‘lyozmaning ahamiyati shundaki, unda Bobur tomonidan hind tilidagi so‘zlar ishlatilgan”.
Media-ivent doirasida, shuningdek, Dehlidagi Javaharlal Neru va Jamiya Milliya universitetlari, Hindiston islom madaniyati markazida bo‘lib o‘tgan anjumanlarda ham hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilab olindi.
Izoh (0)