Shu kunlarda O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi Chikago universiteti qoshidagi Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda, AQSh Davlat departamenti ko‘magida Markaziy Osiyoning artefaktlarni asrab-avaylash bo‘yicha mutaxassislari uchun tashkil etgan ikki haftalik seminar davom etmoqda. Bu haqda tarix muzeyi ma’muriyati “Daryo” ga xabar berdi.
Davlat muzeyi direktori Jannat Ismoilova va direktor o‘rinbosari Otabek Orifjonov Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston milliy muzeylaridan kelgan mutaxassislar, shuningdek, Samarqanddagi Afrosiyob muzeyi, Saviskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san’at muzeyi, Termiz arxeologiya muzeyi va O‘zbekiston Madaniyat vazirligi madaniy merosni muhofaza qilish bo‘limi vakillarini iliq kutib oldi.
Seminarni Markaziy Osiyo madaniy merosini o‘rganuvchi AQShdagi yetakchi muassasa sanalgan Chikago universiteti qoshidagi Sharqshunoslik instituti xodimlari, professorlar Gil Steyn va Fabio Kolombo olib bormoqda.
Seminar loy va metall buyumlarni qayta ishlashga oid xalqaro andoza va usullar hamda Markaziy Osiyo respublikalari muzeylaridagi eksponatlarning katta qismini tashkil etuvchi devor suratlari va boshqa osori-atiqalar kabi mavzularni o‘z ichiga olgan.
Mashg‘ulotlar rasman 3-sentabr kuni boshlandi. 2019—2020-yillarda ham bunday mashg‘ulotlar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Izoh (0)