Prezident qarori asosida Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filialiga o‘qishga qabul qayta tiklanib, 130 nafar yigit-qiz joriy yilda talabalar safiga qabul qilindi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Mazkur ta’lim dargohi uchun ajratilgan binoda 5 milliard so‘mlik qurilish-bunyodkorlik ishlari olib borilib, o‘quv binolari va jihozlari yangilandi. O‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, badiiy adabiyotlarni jamlagan axborot-resurs markazi, kompyuter xonalari tashkil etildi. Zamonaviy laboratoriya jihozlari bilan ta’minlandi.
Belgilangan barcha yumushlar o‘z muddatida bajarilishi natijasida 2018—2019-o‘quv yili uchun tibbiy ta’lim, tibbiy pedagogika va oliy hamshiralik fakultetlariga 130 nafar talaba qabul qilindi. Yangi o‘quv yilidan boshlab bu yerda 500 dan ziyod talabaga 9 nafar fan doktori, 34 fan nomzodi va malakali o‘qituvchi-murabbiylar saboq beradi.
— Viloyat hokimligining ko‘magi bilan keyingi bosqichda 9 milliard 100 million so‘mlik kapital rekonstruksiya, jihozlash ishlarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan, — deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi Farg‘ona filiali direktori G‘ofirjon Sultonov. – Hozirgi kunda filialimiz tomonidan Rossiya, Janubiy Koreya, Germaniya singari mamlakatlar bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Izoh (0)