Surxondaryo viloyati Uzun tumanida mustaqillikning 27 yillik bayrami arafasida Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha tuman kengashining binosi, “Uzun Ravnaq Fayz” savdo majmuasi va tuman dehqon (oziq-ovqat) bozori foydalanishga topshirildi, deb yozadi O‘zA.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Uzun tumani kengashining yangi binosida tumandagi 45 fuqarolar yigʻini faoliyatini muvofiqlashtirish uchun barcha imkoniyat mavjud. 700 million soʻm mablagʻ sarflangan inshootda keng, shinam xonalar zamonaviy usulda jihozlanib, ishni samarali tashkil etish uchun zarur qulaylik yaratilgan.
Tumanda barpo etilgan “Uzun Ravnaq Fayz” savdo majmuasi kiyim-kechak va boshqa buyumlar savdo xizmatini koʻrsatishga ixtisoslashgan. Bu yerda sotuvchi va xaridorlar uchun zamonaviy qulayliklar yaratilib, 138 savdo shoxobchasi bunyod etildi. Turli sifatli va arzon buyumlar savdosi yoʻlga qoʻyilib, 450 yangi ish oʻrni yaratildi.
Tuman dehqon (oziq-ovqat) bozorida goʻsht, sut, tuxum va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari bilan savdo qilishga moʻljallangan, xoʻjalik mollari sotiladigan keng, yorugʻ va shinam maxsus pavilonlar qurilib, 596 savdo rastasi barpo etildi. Yangi bozorda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini saqlash ombori, avtomobillar toʻxtash joyi qurilib, toza ichimlik suvi bilan taʻminlandi. Yirik hajmdagi bu ishlarni bajarish uchun 7,5 milliard soʻmlik qurilish-montaj ishlari amalga oshirilib, 750 ish oʻrni tashkil etildi.
Viloyatda yangidan barpo etilgan, tubdan rekonstruksiya qilingan iqtisodiy-ijtimoiy va boshqa soha obyektlarini foydalanishga topshirish davom etmoqda.
Izoh (0)