Moskva viloyat sudi 9-avgust kuni 2010-yillarning boshida Moskva shahri va viloyatida avtomobillarga hujum qilib, haydovchilarni o‘ldirgan “GTA to‘dasi” deb ataluvchi guruh a’zolariga nisbatan hukm chiqardi. “GTA to‘dasi” joriy o‘n yillikda Rossiyada yuz bergan eng shov-shuvli kriminal voqealardan biri bo‘ldi: tergov ishi federal telekanallar tomonidan kuzatib borildi; jinoyatchilarni izlab topishga xalq patrullari safarbar etildi. Oqibatda guruhnig bir necha a’zosigina qamoq jazosini oldi — to‘daga aloqador yana to‘rt kishi o‘tgan yili sud binosida, tergov talqini bo‘yicha, qochishga uringan vaqti otib tashlangan edi.
Meduza nashri maxsus muxbiri Daniil Turovskiy tergov ishi materiallari va tergovchilarning xotiralari bilan tanishib, to‘da a’zolarining qarindoshlari bilan suhbatda bo‘lib, Pokistondagi terrorchilar lagerida tayyorgarlikdan o‘tgan ikki kishi tomonidan boshqarilgan jinoiy guruh tarixini qayta tikladi.
Birinchi bob
O‘rmondagi mushtlashuv
2013-yil 26-noyabr oqshomida ryazanlik uch og‘ayni — Pavel, Yevgeniy va Roman maoshga sotib olingan 100 gramm spaysni yashirilgan joyidan olib qaytish uchun Moskvaga ketayotgan edi.Yo‘l to‘rt soat vaqt oldi. Yashirilgan “dori”ni topib, ular yarim tunda Ryazan tomon qayta yo‘lga chiqishdi. Dozani keragicha “urib olishgan” edi; ma’lum vaqt o‘tib, Yevgeniyning mazasi qochdi — Kolomnaga yetar-yetmas, yoshlar dam olib, toza havodan nafas olish uchun, mashinani to‘xtatishdi.
Bu kimsasiz bir joy edi: bo‘m-bo‘sh yo‘l, atrofda dala va o‘rmon. Do‘stlar mashina chirog‘ini yoqib, dam olib o‘tirishardi. Oradan 20 daqiqacha vaqt o‘tib, Roman yo‘lning narigi tomonida to‘xtab turgan avtomobilni ko‘rib qoldi — undan kapyushonli qora kiyim kiygan odamlar tushib kela boshladi va shu zahoti o‘q ovozi eshitildi: noma’lum shaxslar to‘pponchadan o‘q uza boshladi. Roman o‘rindiq ortiga o‘zini tashladi; Yevgeniy: “Qochdik!” deb baqirdi.
Romanning hammayog‘i shisha bo‘laklari bo‘lib ketgan edi — o‘q uzishlar oqibatida mashina oynalari chil-chil bo‘lgandi. Boshi qonar, qo‘li bo‘shashib ketardi. Yevgeniy bu yerdan tezroq ketish kerakligini tushunib turgandi, biroq rulda o‘tirgan Pavel hushsiz edi. Bir daqiqa o‘tib, otishma birdan to‘xtadi — Roman tashqariga qarasa, hujum qilganlar o‘z qurbonlarining ahvoliga ham qiziqmay, mashinalariga o‘tirib, ketishyapti.
Roman do‘stini haydovchi o‘rindig‘idan chetga surib, o‘zi rulga o‘tirdi. Ko‘p o‘tmay, Ryazan chekkasidagi Dyagilevo degan joyga yetib keldi. Do‘stlari hamon hushsiz edi. Yigit qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilib, mashina qayerda turganini aytdi, so‘ng o‘zi shifoxonaga ketdi — u yerda shifokorlar Romanning yelkasidan o‘q chiqarib olishdi.
Pavel va Yevgeniyning esa unchalik omadi chopmadi: tez yordam mashinasi bir necha soatdan keyin yetib keldi; bu vaqtda “Maktab” avtobus bekatidagi qonga belangan erkaklar o‘tirgan mashina o‘tkinchilarning e’tiborini o‘ziga qaratib bo‘lgandi.
Shifokorlar yetib kelgach, Pavel sal-pal o‘ziga keldi. U nima bo‘layotganini yaxshi tushunmas, orqa o‘rindiqda esa Yevgeniyning jasadi borligini aytardi. Bir necha soat o‘tib Pavel ham kasalxonada vafot etdi.
Oradan uch oy o‘tdi. 2014-yil 25-fevralida bir vaqtlar “Idealbank”ga rahbarlik qilgan bankir Vladimir Kirillyuk uyiga — Istra yaqinidagi elit kottejlar posyolkasiga qaytdi. Xotini bilan qo‘ng‘iroqlashib, so‘ng kiyimini almashtirdi-da, okrug bo‘ylab iti bilan birga sayr qilgani velosipedda chiqib ketdi.
O‘rmondan chiqarkan, u ag‘anagan daraxt bilan yo‘lni to‘sishga urinayotgan to‘rt erkakni ko‘rdi — keyin ma’lum bo‘lishicha, to‘da a’zolari mashg‘ulot o‘tkazayotgan bo‘lgan, Kirillyuk esa ularga xalal berib qo‘ygan.
Rafiqasi uyga kelganida, bankir hali ham sayrdan qaytmagan edi. Oradan bir necha soat o‘tib ham eriga qo‘ng‘iroq qilib tusha olmagach, posyolkaning nazorat-o‘tkazish punktiga bordi. Qo‘riqchi bir muddat avval darvozadan it yugurib kirganini, yana, sal avvalroq shu yaqindan o‘tgan mashina haydovchisi yarim kilometr narida uch kishi yerda yotgan bir erkakni do‘pposlayotganini ko‘rganini aytdi. Kirillyukning xotini qo‘riqchi bilan birga, qo‘lga fonar olib, mushtlashuv bo‘lgan joyni taxminan izlab borishdi va bankirning jonsiz tanasini topishdi. Unga 20 marta pichoq urilgandi; ikki marta boshiga o‘q uzishgan. Kirillyukning yonidan hech narsani o‘g‘irlanmagan.
Oradan yana salkam uch oy o‘tib, 2014-yil 3-iyunida politsiyachi Oleg Tolmachyov uyiga, Solnsevodagi kvartirasiga kelib, formani futbolka va shortlarga almashtirib, sayrga chiqib ketdi. Shunda uning xotini jazmaniga telefon qilib, birga mashinada shahar aylanishga kelishib oldi.
Ular yarmi tunda qaytishdi. Ularning mashinasi uy oldida turgan vaqti Tolmachyov ham mashinasida qaytib keldi — xotin eri podyezdga kirib ketishini kutib turdi. Tolmachyov avtomobilidan tushar-tushmas, unga noma’lum uch kishi tashlandi — uni yerga yotqizib, to‘pponchadan bir necha bor otishdi. Xotin erining oldiga yugurib borishga tayyor edi, biroq jazmani uni ushlab qoldi — bunday vaziyatlarda guvohlarni ham otib tashlashadi, dedi. Shunda xotin qo‘shni ayolga telefon qildi — u ham politsiyada ishlardi. Qo‘shni esa xotinga ham, uning jazmaniga ham naryad va shifokorlar kelmaguncha mashinadan tushmaslikni tayinladi.
Tolmachyovning murdasi avtoturargoh yonidagi maysazordan topildi — jinoyatchilar uni chiqindilar bilan ko‘mib ketishgan edi. Qotillar politsiyachining ikki mobil telefoni, odekoloni va qora ko‘zoynagini olib ketishgan.
Spays chekkan yoshlar, bankir va politsiyachi — bu qora libosli odamlarning birinchi ham, oxirgi ham qurbonlari emasdi. Shunga o‘xshash qotilliklar — Moskva shahri chekkalarida yoki Podmoskovyeda tasodifiy odamlarni yo‘llarda yo avtoturargohlarda otib ketish holatlari — 2012-yildan beri uchrab turardi; odatda, yarim tun va tonggi soat to‘rt oralig‘ida. Jinoyatchilar aksariyat qurbonlarining yonidan hech narsa — pul ham, mashinani ham, boshqa boyliklarni ham olishmasdi.
Ikkinchi bob
To‘dani qo‘lga tushirgan inson
2014-yil avgustida Tergov qo‘mitasi Tergov bosh boshqarmasining alohida muhim topshiriqlar bo‘yicha katta tergovchisi, 37 yoshli Aleksey Stadnikov o‘z mashinasida Uralda o‘tgan mehnat ta’tilidan qaytayotgan edi. Yarim tunga yaqin biroz dam olish uchun M-5 trassasi chekkasida to‘xtadi. Bir necha kundan so‘ng ishga qaytib, yana tergov bilan shug‘ullanishi kerak edi: Stadnikov bungacha, masalan, seriyali qotil Sergey Martinov va 2012-yili Dog‘istonda shayx Said-Afandi Chirkeyskiyning uyini portlatib yuborgan guruhning ishlari bilan shug‘ullangan edi.Xuddi shu oqshom aynan shu trassa bo‘ylab 31 yoshli raqqos Albert Yusupov ham ketayotgan edi. Qay bir vaziyatda mashinasining bir g‘ildiragi yorilib ketdi — yonida domkrati bo‘lmagani bois, u do‘stiga qo‘ng‘iroq qilib, kelib yordam berishini so‘radi. Vaqt o‘tkazish uchun Yusupov eshiga ochiq mashinada mobil telefonini o‘ynab o‘tirardi. Unga qarata o‘q uzish boshlangan vaqtda Albert qochishga uringan — uning jasadi yo‘l o‘rtasida qolgan edi. Hujum qilganlar uni o‘marish fikridan qaytdi — uzoqda paydo bo‘lgan fara nuri ularni cho‘chitdi.
Yo‘llardagi boshqa qotilliklar tafsilotlarini umumlashtirib, Tergov qo‘mitasi xodimlari ushbu barcha jinoyatlar ortida bir guruh turibdi, degan xulosaga keldi. 2014-yil sentabrida bir necha jinoiy ish bitta qilib birlashtirilib, Aleksey Stadnikov tergov rahbari etib tayinlandi. U Yusupov o‘ldirilgan joyga kelganida xuddi o‘sha oqshom xuddi shu yo‘lda o‘zi ham tunab qolganini esladi.
Bu vaqtga kelib yo‘l bo‘yidagi qotilliklar haqida OAVda ko‘p marta yozilgandi. Federal telekanallarda “o‘lim trassasi” haqida syujetlar berilgan (aslida qotilliklar Moskva viloyatining har xil hududlarida, boz ustiga kichik yo‘llarda ham yuz bergan): bu lavhalarda banditlar yo ukrainalik diversantlar, yoki qandaydir sekta tarafdorlari deb taxmin qilinardi. Bahonada “amazonkalar to‘dasi” ham yodga olindi — 2003—2013-yillarda Rostov viloyatida politsiyachilar va haydovchilarni o‘ldirish bilan shug‘ullangan jinoiy guruh safida ayollar, xususan, 13 yoshli qizi bilan birga bir ona ham bor edi. Eng yodda qolarli taxminga ko‘ra, jinoyatchilar — kompyuter o‘yini ishqibozlari bo‘lib, ular Grand Theft Auto (GTA) o‘yinidagi qotilliklarni haqiqiy jinoyatlarga aylantirishgan. “GTA to‘dasi” degan nom ham shundan kelib chiqqan.
2014-yil sentabridan boshlab 150 ga yaqin stritreyserlar — bloger Erik “Davidich” Kituashvilining ixlosmandlari va “Smotra.ru” avtohavaskor hamjamiyati a’zolari — Podmoskovye yo‘llari, o‘rmonlari va dalalarida patrullik qila boshladi. “Biz o‘rmonlarda teplovizor yordamida qidiryapmiz, barcha AYoQShlarga kirib, hammani tekshiryapmiz, mashinalarda tintuv o‘tkazyapmiz. Kimni qidirayotganimizni aytsak, odamlar to‘g‘ri tushunib, yordam ko‘rsatishyapti, — degandi Davidich. — Biz qurollanganmiz, shu bois to‘pponcha bilan qurollangan uch ahmoqni qo‘lga tushirish qiyin bo‘lmaydi”. Faollar qurollar va o‘q o‘tkazmaydigan nimchalarda harakatlanishar, yo‘l harakati qoidalarini buzishar, tez-tez odamlarni kuch bilan tintib, ularga qo‘l ko‘tarishardi, ba’zan esa ularga shubhali ko‘ringan haydovchilarning mashinalarini to politsiya kelgunicha yurishiga qo‘yishmasdi. Ular o‘z reydlari haqida: “Biz bo‘lmasa, unda kim?” nomli film ham olishgan — filmda aytilishicha, qidiruv ishlarida samolyotdan ham foydalanilgan.
2016-yili, Davidichga nisbatan firibgarlik moddasi bo‘yicha ish ochilganida, u sudda “‘GTA bandasi’ni qo‘lga tushirgan inson” aynan u ekani, politsiyachilar esa ishga keyin qo‘shilganini aytgandi. “Biz, 250 kishi, bir necha oy o‘rmonlarda yashadik va bu odamlarni izladik, — degandi bloger. — Menda buni tasdiqlovchi minnatdorlik xati bor. Men qidirib ko‘chaga chiqqanimdan so‘ng, ular hech kimni o‘ldira olmadi”.
O‘sha 2014-yilning sentabrida tergov guruhida birinchi jiddiy ilmoq topildi (bu vaqtga kelib jinoiy ish materiallari 30 tomdan oshib ketgan edi). 3 sentabr oqshomida Borisov familiyali haydovchi — uning ismi tergov materiallarida ko‘rsatilmagan — Moskva halqa avtomobil yo‘li (MKAD)ning Yasenevodan o‘tgan qismida yonilg‘i olish uchun to‘xtagan. U hisob-kitob qilib bo‘lib, tashqariga chiqishi bilan, unga uch erkak hujum qilgan — oyoqlariga o‘q uzib, uni to‘qmoq bilan urishgan, shundan so‘ng avtomobilidan nimanidir olib, voqea joyidan qochishgan.
Shovqindan AYoQSh xodimi tashqariga chiqib, politsiya va tez yordamni chaqirgan. Bu vaqtda AYoQShga yana bir mashina kirib kelgan — haydovchi voqea joyidagi erkaklardan nima bo‘lganini so‘rab, yonilg‘i olib, chiqib ketgan, biroq bir necha daqiqadan so‘ng qaytib kelgan. U hujum qilgan uch erkakni shu yaqin-atrofda, MKAD yoqasida ko‘rganini va ularni quvib yetishni taklif qilgan. Borisov uning mashinasiga otilgan va ular tez orada to‘daning avtomobilini quva boshlagan. Ular Profsoyuzniy ko‘chasi yaqinida jinoyatchilarni bir burchakka siqib qo‘yishga muvaffaq bo‘lishgan, shunda Borisov o‘zining qarshisida unga qaratilgan, uni nishonga olayotgan to‘pponchani ko‘rgan. Shu bilan poyga tugagan — biroq haydovchi yetti soniyali video olishga muvaffaq bo‘lgan, unda mashina raqami ham ko‘ringan. Borisov raqam bilan birga mashina rusumi haqidagi ma’lumotni politsiyaga ma’lum qilgan.
Ko‘p o‘tmay tergovchilar o‘sha oqshom hujum qilganlarning harakat yo‘nalishini topdi, mashina egasi kimligi ham aniqlandi: u O‘zbekistondan Rossiyaga kelgan Fazliddin Hasanov bo‘lib chiqdi. Kuzatuvlar natijasida u boshqa ikki muhojir — Hazratxon Dodoxonov va Ibaydullo Subhonov bilan bilan muntazam muloqot qilishi aniqlandi. Dodoxonovning barmoq izlari (u Federal migratsiya xizmati bazasida bo‘lgan) to‘da hujum qilgan mashinalarning biridan topildi; Hasanovga tegishli genetik material esa jinoyat sodir etilgan joylarining birida aniqlandi.
Uchala gumonlanuvchi ustidan kuzatuv o‘rnatildi. Subhonov o‘sha vaqtda Udelniydagi — Moskva biqinidagi ko‘chalari rus yozuvchilari nomi bilan ataladigan, qimmatbaho ikki-uch qavatli hashamatli turar joylardan iborat osoyishta posyolkadagi xususiy uylarning birida qo‘riqchi bo‘lib ishlardi. Xonadon egalari Subhonovni “juda muloyim, xizmatga tayyor va kamsuqum” deb ta’riflagan. U tojikistonlik va o‘zbekistonlik tanishlari bilan ko‘p muloqotda bo‘lgan. Tezkor vakillarning aniqlashicha, ular katta trassalar bo‘yiga chiqib, yaqin oradagi dalalarda daydishgan, shuningdek, o‘rmonda o‘q otish va qo‘l jangi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazishgan. Mashg‘ulotlardan so‘ng Qur’on o‘qishgan. Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Subhonov guruh a’zolariga “islomni o‘rganmay turib, yaxshi hayot uchun kurashib bo‘lmasligi”ni, “noto‘g‘ri yo‘l bilan boyiganlarning boyligini tortib olish uchun” esa o‘ldirish zarurligini uqtirib kelgan.
Tergovchi Aleksey Stadnikov ham to‘da odamlarni pul uchun o‘ldirmasligini taxmin qilgan: jinoyatchilar o‘z qurbonlarining yonidan har doim pul olavermas, olganda ham bir necha ming rubldan ortiq olmasdi. Banditlar telefonlar va boshqa buyumlarni ham har doim olib ketavermasdi — bir safar birovi o‘ziga odekolon, boshqasi qora ko‘zoynakni olib ketganini aytmasa. Yana bir gal jinoyatchilar o‘zlari hujum qilgan mashina yukxonasidan ayollar kiyimlarini topib olishgan — guruh a’zolaridan biri xotiniga o‘sha kiyimlar orasidan olingan shortni sovg‘a qilgan, biroq xotinga bu yoqmagan.
Tergov qo‘mitasi sobiq matbuot kotibi Vladimir Markin o‘zining “Qotilliklar, teraktlar, falokatlar” nomli kitobida tergovchining so‘zlaridan keltirib yozishicha, Stadnikov ushbu jinoyatlarni o‘ziga xos bir mashg‘ulot, ayni vaqtda “ushbu yosh jinoyatchilarni qonga o‘rgatish, to‘liq bo‘ysundirish”ga qaratilgan jarayon, deb o‘ylardi.
Stadnikov “GTA to‘dasi” ishini qabul qilib olganida, u shoshilmasak bo‘lmaydi, deb o‘ylagandi: u o‘zini xuddi “banditlardan vaqtni qarzga” olayotgandek his qilgan, sustkashlik yangi qurbonlarga olib keladi, deb hisoblagan. Tergovchining keyinchalik xotirlashicha, u ikki oy oilasi bilan umuman ko‘rishmagan, kuniga to‘rt soatdan, odatda ish joyida uxlagan. Stadnikov va uning guruhi yuzlab daliliy ashyolarni tekshirardi: o‘qlar, gilzalar, tikanaklar, o‘qqa tutilgan avtomobillar; biologik materiallar — ter, so‘lak, qon kabilardan iborat paketchalar. Ular guruh a’zolarini butun Moskva va Podmoskovye bo‘ylab kuzatishardi; gumonlanuvchilar ko‘chaga chiqib ketgan mahal ularning uylariga bildirmay kirib chiqishardi. Omborxonalarning birida ular o‘q otish mashg‘ulotlari uchun kerakli manekenlarni ko‘rishgan. Boshqasida esa — qo‘lbola to‘pponcha uchun ehtiyot qismlarini.
Oradan ikki oy o‘tib, gumonlanuvchilar doirasi 10 kishigacha qisqardi. 2014-yil 5-noyabr oqshomida maxsus bo‘linma jangchilari Udelniydagi Subhonov istiqomat qiladigan imoratni qurshab oldi. Tezkor vakillardan biri daraxt ortiga yashirinib, ovoz kuchaytirgich orqali gumonlanuvchini uydan chiqishga chaqirdi. Subhonov guruhning ikki a’zosiga qo‘ng‘iroq qilishga ulgurdi (ular tergov guruhi kuzatuvida yo‘q edi — har ikkisi Tataristonga qochishga uringan, biroq ularni telefon qo‘ng‘irog‘i ma’lumotlari asosida aniqlab, qo‘lga tushirishgan), lekin tashqariga chiqishdan bosh tortdi — buning o‘rniga maxsus bo‘linma jangchilariga qarata granata uloqtirdi. O‘zi esa unga javoban ochilgan o‘q yomg‘iri oqibatida o‘ldirildi.
Jinoiy guruhning qolgan to‘qqiz a’zosi keyingi kunlar davomida Moskva viloyatining turli joylarida qo‘lga olindi. Ular 17 kishini o‘ldirishda ayblandi.
Uchinchi bob
“Tukli ari” deb yozilgan quti
Shturm bilan egallangan imorat Aleksey Staroverovning — Rossiya Bosh prokuraturasi ishlar boshqarmasi boshlig‘ining hovlisida joylashgan edi; Staroverov bundan bir yil avval o‘zi ishlaydigan idoraning eng serdaromad xodimiga aylangandi: u rafiqasi bilan birga bir yilda 50 million rubl ishlab topgan (Staroverovning xotini biznes bilan shug‘ullanardi, jumladan, u Natalya Sepovyaz — Kushchev uyushgan jinoiy guruhining “Qotil” laqabli yetakchisi Vyachaslev Sepovyazning xotini — bilan birga bir kompaniyaga egalik qilardi). Staroverov o‘z uyiga har doim qo‘riqchilar va migalka bilan kelgan, Subhonov bo‘lsa uning uyida uch yil yashagan — tergovchilarning aytishicha, “qonxo‘r qotillarning izini qo‘riqlanadigan devor ortidan, amalda — mas’uliyatli adliya xodimining uyidan izlash kerakligi hech kimning xayoliga kelmas edi”.Guruh ishtirokchilari qo‘lga olinganidan ko‘p o‘tmay Staroverovga nisbatan noqonuniy qurol saqlash moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi, biroq ertasiga uning hamkasbi, bosh prokuror o‘rinbosari ish ochish haqidagi qarorni bekor qildi. Amaldorni guvoh sifatida so‘roq qilishdi — 2014-yil dekabrida esa u davlat xizmatidan bo‘shab, biznesmenga aylandi. Tergov Staroverovga nisbatan da’vosi yo‘qligini ma’lum qildi.
Guruhning shahar tashqarisida yashaydigan a’zosi birgina Subhonov emasdi. Fazliddin Hasanov — u guruh “qurolbardori” edi — Krasnogorsk ostonasidagi Pozdnyakovo shaharchasida, Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligida ishlaydigan amaldorga tegishli bog‘-hovlidagi imoratda yashardi. Hasanov yashab, ham qo‘riqchilik, ham oddiy ishchi vazifasini bajargan xonadon egalari uni “islom diniga e’tiqod qiluvchi tarbiyali erkak” sifatida xotirlaydi.
Tergovchilar Hasanov yashagan imoratdan bor-yo‘g‘i tok-qaychi, tokarlik stanogi, payvandlash qurilmasi va ikkita matrasni topgani yo‘q. Inshoot amerikalik havaskor terrorchi Unabomberning bomba tayyorlash uchun zarur “masalliqlar”ni saqlaydigan hujrasini yodga solardi. Imoratdan to‘pponchalar uchun o‘nlab detallar, portlovchi qurilma tayyorlash bo‘yicha yo‘riqnoma, saqichning qadog‘iga o‘ralgan porox, 500 ga yaqin patron, optik mo‘ljallagichlar, stvollarni tozalash uchun simcho‘tka, ustiga “Tukli ari” (“Shmel”) deb yozilgan, ichi portlovchi uskunaning kimyoviy unsurlari bilan to‘la quti, bog‘ichlar, qo‘lbola detonatorlar bor edi. Shuningdek, xonadan 34 sahifalik katak daftar ham topilgan bo‘lib, u qotillik usullari, urush va yashirin tashkilot faoliyatini yuritish haqidagi yo‘riqnomalarga to‘la edi; daftar o‘zbek tilida to‘ldirilgan. Bunday daftarlar guruhning boshqa a’zolaridan ham topilgan.
Hasanov pnevmatik to‘pponchalarni o‘qotar qurolga aylantirar va guruh a’zolari 2014-yil yozidan boshlab mashinalar ostiga uloqtirgan tikanaklarni tayyorlardi (shu bois ham aksariyat qotilliklar mashinalarning shinalari yorilib ketishidan boshlangan). Kolomna ostonasidagi “Otdix” bog‘-shirkatida uning alohida laboratoriyasi ham bo‘lgan: u yerdan o‘nlab kolbalar, trubkalar, portlovchi uskunaning sintezi uchun zarur sochiluvchan va suyuq moddalar, shuningdek, Rossiyada ekstremistik deb tan olingan va ko‘pincha “Hizb ut-Tahrir” faollarining yonidan topiladigan “Musulmonning qo‘rg‘oni” kitobi chiqqan.
Kolomnadagi o‘sha uchastkada, laboratoriya bilan birga, sapyorlar tomonidan patronlar, qurol uchun zagotovkalar, avtomobil raqamlari va o‘ldirilganlarning pasportlari yashirib qo‘yilgan maxfiy tuynuk ham topilgan. “Yuvosh, kamsuqum yigitlar edi, — deb tergovchilarga ma’lumot bergandi yer egalari. — Kunduzi bizga har doim yordam berishardi. Oqshomda esa qayergadir yo‘qolib qolishar yoki o‘zlarining hujralarida nimadir qilib o‘tirishardi. Biz bozorda sotish uchun nimadir yasashayotgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylagandik...”.
Guruh a’zolarining yashash joylarida o‘tkazilgan tintuvlar vaqtida faqat qurol yo kitob topilgan emas. Guruhning ba’zi qatnashchilari ishlagan avtoustaxonadan mato va skotch bilan o‘ralgan yog‘och manekenlar aniqlandi — bu “qo‘g‘irchoq”lardan o‘q otish bo‘yicha mashg‘ulotlarda foydalanilgan. Yana birining uyining hojatxonasidan taksichining jasadi topildi — bu “kirakash” 2012-yili, uning mashinasidan yugur-yugurlarda foydalanish uchun otib tashlangan edi. Subhonov ushbu jinoyatni haydovchi “Qur’onga rioya etmagani” bilan ham asoslagan. Bu “GTA bandasi”ning ilk qotilligi edi.
To‘rtinchi bob
Pokistonlik Ravshan
To‘da a’zolari kunduzi qurilishlarda va avtoustaxonalarda mehnat qilgan. Kechasi esa qora kiyimlarini kiyib, odam o‘ldirish uchun ko‘chaga chiqqan.Asli o‘shlik Ibaydullo Subhonov ushbu guruhga ukasi Xoliq bilan birga asos solgan. Xoliq so‘roqlarning birida akasi bilan bir muddat Pokistonda bo‘lgani, radikal diniy aqidaparastlarning mashg‘ulot lagerida o‘q otish, partizanchasiga urush olib borish, minalashtirish va yashirin targ‘ibot olib borishni o‘rgangani haqida aytgandi. “2010-yili bizga Ravshan boshchilik qilgan, u bizga jihodni o‘rgatardi, — deb eslab, gapirgandi Xoliq Subhonov. — Biz jamoat, ‘Islom jihodi ittifoqi’dagi jangovar guruh tarkibida edik, biz Alloh askarlari, oddiy ishtirokchilar edik. O‘lsak, shahid bo‘lardik”.
“Islom jihodi ittifoqi” — jangovar diniy tashkilot bo‘lib, asosan O‘rta Osiyo respublikalaridan kelgan jangarilardan iborat, u o‘z oldiga O‘zbekiston va Tojikiston hududida islom davlatini qurish maqsadini qo‘ygan. “Ittifoq”ning mashg‘ulot lagerlari Pokistonda joylashgan. Uning “Tolibon” va “Al-Qoida”ning O‘rta Osiyodagi vakili deb tan olingan “O‘zbekiston islomiy harakati” (O‘IH) terrorchilik tashkiloti bilan aloqalari bor. O‘IH jangarilari 1990-yillarning oxirida Qirg‘izistonning janubiy hududlariga bostirib kirgan, keyinroq Bishkek va O‘shda teraktlar uyushtirgan, 2015-yili esa IShID tarkibiga qo‘shilishini e’lon qilgan.
Aka-uka Subhonovlar Pokistondan yashirincha Eronga o‘tgan — 2011-yil bahorida esa Rossiyada ko‘rishib, Moskva viloyatidagi egasi qarab turishni so‘ragan uyga joylashishgan. “Muhammad (Xoliq o‘zini shunday ism bilan tanishtirgan) muloyimroq, xushmuomala edi va men ko‘proq u bilan muloqotda bo‘lardim. Lekin u akasi Mahmud (Ibaydullo)ning kuchli ta’siri ostida edi, — deydi uy egasi tergovchilarga bergan ko‘rsatmasida. — Mahmud juda dindor, xarakteri ham ukasinikidan ko‘ra kuchliroq edi. Agar aytilgan ishlarning hech biri qilinmagan bo‘lsa-yu, baqirib so‘kib bersang, Muhammad yugurib kelib, meni ovuntirishga urinar, hammasini to‘g‘rilashga va’da berardi. Mahmudning jahli chiqayotgani, o‘ldirib qo‘ygudek bo‘layotgani ochiqchasiga sezilib turardi”.
2012-yili Ravshan — aka-ukalarning Pokiston lageridagi yetakchisi, ular keyinchalik ham Skype orqali qo‘ng‘iroqlashib turishgan — Subhonovlarga harbiy ehtiyojlar uchun pul jo‘natish lozimligi haqida ko‘rsatma berdi. Shundan so‘ng ular Moskvada “jangovar guruh” tuzishga kirishgan.
Guruh Rossiyaga pul ishlash uchun kelgan mehnat muhojirlaridan tashkil topgandi — ularning asosiy qismi Tojikistonning So‘g‘d viloyatidan edi. Rossiyada mehnat muhojirlarini yo‘ldan urib, ularni radikallashtirib, so‘ng turli ekstremistik tashkilotlarga og‘dirish holatlari ko‘p uchraydi. Masalan, 2014-yili Moskvadagi qurilishlarda ishlaydigan erkaklarning yashash joylariga kechalari chechenlar kelib, IShID safiga qo‘shilib, yaxshi pul topishga, bunday “qullarga o‘xshab yashashni to‘xtatish”ga da’vat etgan. Tojikiston madhiyasi muallifi Gulnazar Keldi mamlakat parlamentidagi nutqlarining birida tojik yoshlarining ekstremistlar safiga qo‘shilib ketayotganiga sabablardan biri qashshoqlik ekanini aytgandi: “Ko‘p vaqti yashash, o‘qish va oila qurish uchun pul topish bilan band yoshlarimiz oson daromad haqidagi va’dalarni uchib, aldanib qolmoqda”.
2013-yil kuziga kelib, Subhonovlar guruhining 10—12 kishilik asos-o‘zagi shakllandi. Ulardan biri — 2003-yildan beri Rossiyadagi qurilishlarda ishlaydigan Abdumuqim Mamajonovning xotirlashicha, Ibaydullo Subhonov u bilan tez-tez “boshqa yo‘nalishdagi din” haqida gaplashib turgan, tanishganlaridan bir yil o‘tib esa “jihod uchun Pokistonga borishni taklif qilgan”. Guruhning boshqa a’zosi — Anvar Ulug‘murodovning aytishicha, guruh O‘zbekistonda harbiy to‘ntarish amalga oshirmoqchi ham bo‘lgan (“hokimiyat xalqni qashshoqlik darajasigacha tushirgani uchun”), mashg‘ulotlar vaqtida esa nishon sifatida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov suratlaridan ham foydalanilgan. Hazratxon Dodoxonov esa qotilliklar vaqtida qo‘lga kiritilgan pulning bir qismini Subhonov “musulmonlarga yordam berish” maqsadida Pokistonga yuborib turgani haqida aytgandi.
To‘daning yana bir a’zosi Umar Hasanov 2013-yili Novosibirskda uylarni ta’mirlashni to‘xtatib, kafe ochish niyatida Moskvaga ko‘chib kelgan. Kafe masalasida yurtdoshi Ibaydullo Hasanov unga yordam va’da qilgan va, o‘z navbatida, undan mashina oldi-sotdisi bilan shug‘ullanuvchi tanishi bilan tanishtirib qo‘yishni so‘ragan. Subhonov mashina sotuvchiga 5,5 ming dollar berib, mashinani ololmaganidan so‘ng, u “Umar meni aldadi” degan fikrga kelgan. Ertasi kuni Hasanovni o‘g‘irlab, Moskva viloyatining Radumlya posyolkasidagi notanish uyga olib kelishgan, do‘pposlashgan, hujjatlarini olib qo‘yib, endi “avtoservis”da ishlab, pulni qaytarishi shartligini aytishgan. Hasanovning aytishicha, u qarzini to‘lash uchungina to‘daning jinoyatlarida qatnashgan.
Subhonov guruh a’zolariga uy-joy masalasida yordam bergan — ba’zilari o‘sha Radumlyadagi kvartiralarda yashagan, o‘sha yerning o‘zidagi avtoservisda ishlagan; o‘sha avtoservisda mashg‘ulotlar o‘tkazib, shu yerning o‘zida Qur’on o‘qishgan. Ularning barchasi ba’zida Xoliq Subhonovning uyida ko‘rishib turgan — u bog‘ hovlida ishlardi. Hovlining egasi keyinchalik eslashicha, “ular o‘zlarini xuddi ‘Avtomobildan saqlaning’ filmi qahramonidek tutishardi: birda u qarindoshi, boshqasida bu qarindoshi mehmonga kelardi”.
“GTA to‘dasi” a’zolari qo‘lga olinganida, Rossiya prezidenti Vladimir Putin buning uchun Rossiya ichki ishlar vaziri Vladimir Kolokolsevga alohida minnatdorchilik bildirgan va bu “jinoyatlar aslida terrorchilik yo‘nalishida” ekanini qo‘shimcha qilgandi. Rasmiy OAVlar ham xuddi shunday deb yozgan — xususan, “Rossiyskaya gazeta”ning qayd etishicha, bu “banditlar mutlaqo notanish kishilarni g‘oyaviy nuqtai nazardan, g‘ayridinlar deb hisoblab yo‘q qilish bilan shug‘ullangan”.
Shunga qaramay, keyinchalik na politsiya va na tergovchilar “GTA to‘dasi”ni terrorchi yo diniy aqidaparastlar deb atadi. To‘da ishi bo‘yicha sudda ham bu mavzu ko‘tarilgani yo‘q.
Beshinchi bob
G‘ul va Mukammal
Jinoyatchilar qo‘lga olinganidan so‘ng, ular qotilliklarni qanday amalga oshirganliklarini batafsil gapirib berishdi. Ularning hujumkor tarkibi tez-tez o‘zgarib turgan — har birining o‘z vazifasi bo‘lgan: masalan, Zafar G‘ulomov ularni hech kim sezib qolmasligiga mas’ul bo‘lgan. O‘zining aytishicha, to‘daga tasodifan qo‘shilib qolgan: ishidan ayrilib, amakivachchasining taklifiga ko‘ra avtoservisga ishga kirgan, keyinroq bu yerga Ibaydullo Subhanov kelib, “bir joyga borib kelish kerak”ligini aytgan. O‘shanda jinoyatchilar M4 trassasida ikki kishini o‘ldirgan; G‘ulomov, aytishicha, u faqat yo‘lga qarab turgan va o‘ldirilganlarning narsalarini tashigan.“GTA to‘dasi” a’zolarining tergov va sudda aytgan so‘zlariga ko‘ra, ular har bir operatsiya uchun sim-kartasi yangi telefonlarni olishgan — Subhanov bunday sim-kartalarni Savelovskiy bozorida olgan, u yerda pasportsiz ham sotaverishadi. To‘da asosan davlat raqam belgisi yo Latviya, yo Belarusniki bo‘lgan mashinalarda harakatlangan. “Ish”ga chiqarkan, ular o‘zaro maxfiy so‘zlardan iborat xabarlar orqali muloqot qilgan. Har birining laqabi bo‘lgan, aksariyat hollarda — arabcha. Fazliddin Hasanovni Akmal (“Mukammal”) deb, Anvar Ulug‘murodovni — Qirg‘iz, Umar Hasanovni — Obid Muslim (“Sajda qiluvchi qul”), Abdumuqim Mamajonovni esa Qorovul deb chaqirishgan. Ibaydullo Subhonovning laqabi G‘ul edi: arab mifologiyasiga ko‘ra, bu yo‘l yoqalarida o‘tkinchilarni ovlab, o‘ldiradigan bir jindir.
2013-yil noyabrida Mamajonov, Dodoxonov, Subhonov qarindoshlaridan “Tojikistondan kelgan sovg‘alar — quruq mevalar”ni olish uchun Radumlyadan Dedovsk tomon yo‘lga chiqadi. Tunda ortga qaytadi; qaytishda g‘ildiragi teshik mashinani ko‘rishgan — Ribinskoye suv omboriga tonggi baliq oviga ketayotgan Eduard Mikirtumov domkrat bilan timirskilanib yurgandi. Uncha uzoq bo‘lmagan bir joyda to‘xtab, erkaklar bir pastlikka tushishgan, tibbiy niqob va qo‘lqoplarni kiyib, qo‘lga to‘pponchani olib, g‘ildiragi buzuq mashina tomon yo‘l olishgan. Mikirtumovni o‘ldirib, uning jasadini yo‘ldan nariga olib borishgan, avtomobildan esa 20 ming rubl, noutbuk va telefonni olib, uy-uyga tarqalishgan. Mikirtumovning murdasi uning baliqchi oshnalari tomonidan bir necha soatdan so‘ng topilgan.
Oradan bir necha hafta o‘tib, Subhonov boshliq to‘rt kishi VDNX oldida uchrashib, Los temiryo‘l platformasi tarafga yo‘l olgan. Ular avvaliga garajlarning ustiga chiqib, videokuzatuv bor-yo‘qligini tekshirgan. Shundan so‘ng ishchilarning chaylalari tomon yo‘l olishgan — Subhonov ulardan biriga kirib, darhol o‘q uzishni boshlagan. Boshqalar davom ettirgan; to‘rt ishchi halok bo‘lgan, butun xona — muzlatgich, stol, devorlar — qonga belangan. Bosqinchilar o‘zlari bilan ichida eski sport shimlari va futbolkalar bo‘lgan sumkani olib ketishgan.
2014-yil 2-may kuni er-xotin Lebedevlar dala-hovliga, u yerdan muzlatgich-xaltani olib kelish borishadi — ular bu sumkani Krasnodar o‘lkasida o‘tkazmoqchi bo‘layotgan ta’tillariga olib ketishmoqchi edi. Lebedevlar Moskvani Rossiya janubi bilan bog‘lovchi M4 trassasiga chiqishadi. Bu vaqtda esa Subhonov, G‘ulomov va to‘daning yana ikki a’zosi yo‘l bo‘yidagi o‘rmonda bir martalik qo‘lqop va niqoblarni kiyib, qo‘lga to‘pponchani olib, shaylanib turardi. Ularning qo‘lida kelayotgan mashina ostiga tashlash uchun tikanaklar ham bor edi. Ular ikki kun avval ham shunday qilishgan edi, biroq o‘sha oqshom hech kim tikanaklar ustidan yurmagandi.
Oradan yarim soatcha vaqt o‘tib, jinoyatchilar baland qarsillagan ovozni eshitishdi. Pistirmadan chiqib, ular yo‘l yoqasida to‘xtab turgan avtomobil tomon yugurib borishdi — mashina yonida teshilgan g‘ildirakka 64 yoshli Anatoliy Lebedev qarab turardi. Ular Lebedevni boshiga bir necha bor o‘q uzib o‘ldirishdi, so‘ng yo‘lovchi o‘rindig‘ida o‘tirgan xotinini otib tashlashdi. Subhonov sheriklari bilan mashina yukxonasidan sumkani oldi (u yerda yana 5 ming rubl, konfetlar va kiyimlar ham bo‘lgan), ayolning qulog‘idan ziraklarini yechib olishdi. Ertasi kuni politsiyachilar yuz bergan voqea haqida Lebedevning farzandlariga ma’lum qilishadi.
Ba’zi jabrlanuvchilar to‘daning changalidan qochib qutilishga muvaffaq bo‘lgan. 2014-yil iyulida Irina xuddi o‘sha M4 trassasi bo‘ylab Moskvadan ketayotganida, g‘ildiragi bo‘shab ketganini sezadi. To‘xtagan vaqti u tomon pichoq va to‘pponchalar bilan qurollangan bir necha erkak yugurib kelayotganini ko‘radi. Irina “gaz”ni bosib qochadi, politsiyaga qo‘ng‘iroq qilib, voqea yuz bergan joy GPS-koordinatalarini beradi — biroq politsiyachilar kelgan vaqti u yerda endi hech kim yo‘q edi.
2014-yil yozining oxiriga borib — qo‘lga tushishi arafasida — “GTA to‘dasi” a’zolari allaqachon Kalashnikov avtomatlari bilan qurollangan va odatiy qora kiyim o‘rniga kamuflyaj (ola-bula, jangovar libos) kiyishga o‘tgandi. Ular o‘zlarining “laboratoriya”larida portlovchi qurilma ham tayyorlashgan edi.
Oltinchi bob
Yo‘qotadigan hech narsa yo‘q
“GTA to‘dasi” ustidan sud bir yarim yil davom etdi. Prokuror Svetlana Artyomyevna davlat ayblovchisi sifatida qatnashdi — bungacha u BORN ishi (Rus millatchilarining jangovar tashkilotining ishi, seriyali qotilliklarda ayblangan; guruhning to‘rt a’zosi umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan) bilan shug‘ullangan edi.2017-yil 1-avgust kuni Moskva viloyat sudida navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda to‘daning barcha a’zolari umrbod ozodlikdan mahrum etilishi mumkinligi ma’lum qilindi. Soat 14:00 ga yaqin sudya ish qatnashchilariga javob berdi; sudlanuvchilarni hibsxonalarga yetkazish uchun birinchi qavatga tushirish boshlandi.
Besh ayblanuvchi — Xoliq Subhonov, Mirzomavlon Mirzosharipov, Abdumuqim Mamajonov, Fazliddin Hasanov va Hazratxon Dodoxonovga faqat ikki konvoir, bir erkak va bir ayol hamrohlik qilib ketardi (yo‘riqnoma bo‘yicha, har bir jinoyatchini ikkitadan qo‘riqchi kuzatib borishi kerak). Liftda to‘da a’zolari tojik tilida nimanidir muhokama qila boshlagan. “Yo‘qotadigan hech narsamiz yo‘q, hammasini otib tashlaymiz, — degan ulardan biri. — Allohu akbar!”.
Guruh a’zolari sakrashni boshlagach, Moskva viloyat sudi binosidagi lift ikkinchi va uchinchi qavatlar oralig‘ida buzilib, to‘xtab qolgan. Ular konvoirlarni urib, ularning qurollarini olib qo‘yishgan. Sud xodimi o‘sha vaqtda uchinchi qavatdagi majlislar zalida boshqa sudlanuvchilarni qo‘riqlab turgan Rosgvardiyaning olti xodimi oldiga yuguradi. Gvardiyachilar ikki guruhga bo‘linishadi: biri uchinchi qavatda, boshqasi esa ikkinchi qavatda pistirmada turadi.
Banditlar uchinchi qavatga yorib chiqishga qaror qilishadi. “Biz, mudofaani qanday tashkil etish kerakligini o‘rgatganlaridek, chiroqni oldindan o‘chirib qo‘ydik. Jinoyatchilar hech narsaga qaramay, tikka bosib keldi, — deb eslaydi Rosgvardiya xodimi. — Lift eshiklari ochildi, birinchi o‘q ovozlari eshitildi, ilk o‘q uzishlardan keyinroq sherigim yaralandi, ikkinchi sherigim esa xona ichkarisidan o‘t ochdi”.
Otishma videolarining birida jinoyatchilar sud majlisi zallaridan biriga yugurib kirayotgani, so‘ng ketma-ket qulayotganini ko‘rish mumkin. Ulardan biri o‘rnidan turishga harakat qiladi. Xonadagi politsiyachi o‘zini himoya qilish uchun qo‘liga stul oladi. Bularning barini sud zalidagi “qafas”da turgan sudlanuvchi kuzatadi.
Otishma oqibatida besh jinoyatchidan to‘rttasi halok bo‘lgan.
Ertasi kuni “Moskovskiy komsomolets” nashrining maxsus xizmatlardagi manbasi to‘da ishtirokchilarini “yo‘q qilish” maqsadida ularni qochishga undashgan bo‘lishligi mumkin, degan taxminni o‘rtaga tashladi. 2018-yil avgustida Meduza’ga intervyu bergan to‘da a’zolarining qarindoshlarining fikricha, halok bo‘lganlar qochishga urinmagan. Ularning aytishicha, ularni “sudda ortiqcha gap gapirib qo‘ymasliklari uchun”gina o‘ldirib yuborishgan.
Voqealarning boshqa ishtirokchilari va mutaxassislar bu kabi taxminlarni rad etadi. Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotovning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaziyatda “qurbonli yakun”dan “qochib qutilib bo‘lmasdi”. Umar Hasanovning advokati esa “sahnalashtirish versiyai”ni “g‘irt uydirma” deb hisoblaydi. “Agar shavkatli organ xodimlarining xayoliga shunday fikr kelganida, ular bu ishni tergov izolyatoridayoq qilgan bo‘lardi. Bunaqa ishlarni o‘sha yerdan boshqa joyda zo‘r bajarish imkonsiz, — deya tushuntiradi yurist. — U yerda nazoratdagi ‘zek’lardan so‘rasang bas. Oddiy kamerada kim o‘ldirganini deyarli hech qachon topishmaydi. Shunday ekan, ularni yo‘q qilish qarori mavjud bo‘lgani ehtimoli past”.
“Mish-mishlar juda ko‘p, lekin o‘ylab qaralsa, sud qarorisiz qasos olish uchun bunday nozik uslubdan ko‘ra ancha soddaroq yo‘lni ham tanlash mumkin edi”, — deya xulosa qiladi Rosgvardiya rahbari o‘rinbosari Sergey Melikov.
To‘daning otishmadan omon qolgan yagona vakili — Hazratxon Dodoxonov — o‘qotar quroldan orttirgan bosh jarohati bilan kasalxonaga yotqizilgan. Ancha keyin uni baribir sudga olib kelishdi, u biror so‘z aytgani yo‘q — biror nimaga munosabat ham bildirmadi. Psixiatriya ekspertizalaridan birida u narkozdan so‘ng o‘ziga kelgach, “ortida mahluq turganini, ichiga esa u bilan gaplashayotgan jin kirib olganini” aytib o‘tgan edi.
Dodoxonovning ota-onasi so‘zlariga ko‘ra, qo‘lga olinganidan keyin to‘rt yil davomida ular biror marta farzandi bilan gaplasha olmagan. “O‘ylashimcha, bularning bari biz, ota-onasi yonida bo‘lmaganimiz uchun sodir bo‘ldi”, — deydi uning otasi.
Avgust oyi boshida sud to‘daning to‘rt a’zosiga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinladi; yo‘lga qarab turgan G‘ulomov esa 20 yil oldi. To‘daga aloqador yana uch kishi esa xalqaro qidiruvga berildi.
To‘daning ikki a’zosi Rossiyadan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan, biroq suddan qochib qutila olmadi. Murodjon Karimov “GTA to‘dasi”ga aloqador bo‘lmagan boshqa, ekstremizm ishi bo‘yicha 19 yilga qamaldi. 38 yoshli Farruxjon A’zamjonov esa 2015-yili Tojikistonda qo‘lga olingan. Tojikiston IIV ma’lumotlariga ko‘ra, u “GTA to‘dasi” faoliyatida qatnashish bilan birga Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolarini IShID safiga og‘dirish bilan ham shug‘ullanib kelgan.
Izoh (0)