Ozodlikdan mahrum qilish turidagi jazoni ijro etish muassasalarining ichki tartib qoidalariga va O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalarining ichki tartib qoidalariga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Norma xabar bermoqda.
Prezident huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil (biznes-ombudsman) IIV tergov hibsxonalariga moneliksiz kirish huquqiga ega bo‘ldi. Bunda tergov hibsxonalari ma’muriyati tomonidan vakilning xavfsizligi ta’minlanadi. Bu borada biznes-ombudsman Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga tenglashtirildi. Biroq parlament vakilidan farqli o‘laroq, unga jazoni ijro etish koloniyalariga bunday tartibda kirishga ruxsat berilmadi.
IIV tergov hibsxonalarida va jazoni ijro etish koloniyalarida bo‘lgan shaxslarning Biznes-ombudsman nomiga yo‘llagan ariza va shikoyatlari ko‘zdan kechirilmaydi va muhrlangan tarzda 24 soatdan kechiktirmay yuboriladi. Telegrammalar esa darhol yuboriladi. Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakiliga, prokurorga, tergov hibsxonalarini tekshirish huquqiga ega bo‘lgan shaxslarga, shuningdek jinoyat ishini yuritayotgan mansabdor shaxslar va organlarga yo‘llangan murojaatlar uchun ham shunday tartib qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.
Izoh (0)