So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tarkibidagi “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati faoliyati, xususan uning narx belgilash siyosati, ushbu jarayonda dehqonlar bilan maslahatlashilmasligi yuzasidan qizg‘in bahs-munozaralar kuzatilmoqda. Shuningdek, kompaniyaning 1200 so‘mdan piyoz xarid qilishi borasidagi taklifidan ham norozilar topilmoqda. Aytishlaricha, kompaniya hamma dehqonning piyozini olmayotgan emish. Xo‘sh, ushbu holatlarni mutasaddilar qanday izohlaydi? Ahvol aslida ham internet foydalanuvchilari aytayotganidekmi? Ushbu savollarga javob va tizimdagi o‘zgarishlar haqida ma’lumot olish uchun “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi boshqaruv raisi Tohir Jalilov bilan suhbatlashdi.
—O‘tgan yilning iyul oyida “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi boshqaruv raisi etib tayinlandingiz. Mana shu bir yil ichida kompaniya faoliyatini rivojlantirish uchun qanday ishlarni amalga oshirdingiz?
—Bir yil davomida biz eksport hajmini oshirish bilan shug‘ullandik. Hukumat tomonidan bizning oldimizga aynan shu masala qo‘yilgan edi. Biz mamlakatimizning jahondagi pozitsiyasini ko‘rib chiqdik. Kompaniyaning asosiy vazifasi — O‘zbekistonning an’anaviy bozorlardagi pozitsiyasini qaytarish. Chunki sobiq ittifoq davrida biz 15 respublika ichida eksport hajmi bo‘yicha 1-o‘rinda turganmiz. O‘shanda biz yiliga qariyb 6 million tonna meva va sabzavot eksport qilganmiz. (Bugun esa 1 million tonna eksport qilinadi). O‘zbekistonning jahon bozoridagi mana shu pozitsiyasini qaytarish — bizning asosiy vazifamiz.
Ikkinchi vazifa — esa biz avval mahsulot eksport qilmagan, uzoq xorijiy mamlakatlarga chiqish. Bugungi kunda biz mana shu dastur bo‘yicha ishlayapmiz, oldinga intilyapmiz. Hozirgi kunda dunyoning qariyb 80 ta davlatiga mahsulot eksport qilyapmiz. Biroq, shunga qaramay jahon bozoriga eksport qilinayotgan 80—85 foiz mahsulotlar bizga qo‘shni bo‘lgan mamlakatlar ulushiga to‘g‘ri keladi. Qolgan 15 foizi boshqa mamlakatlar. Biz ilk marta Xitoyga mahsulot eksport qilishni boshladik. Ushbu mamlakatga hozircha faqat ikki mahsulot, ya’ni mosh va gilos yetkazib berilmoqda.
Yana bir jihat, ilgari O‘zbekistonning xorijga eksport qilinayotgan mahsulotlari uchun milliy brend bo‘lmagan. Biz UzAgro brendini yaratdik. Bizning mahsulotlar transportning barcha turlarida eksport qilinishi uchun standartlarni joriy etdik.
O‘zbekiston jahonda 8 ta mahsulot eksporti bo‘yicha o‘ntalikka, 6 mahsulot eksporti bo‘yicha esa beshtalikka kiradi.
—Taqqoslash uchun 2017-yilning besh oyi va 2018-yilning besh oyi uchun eksport hisobotini taqdim etsangiz...
—2017-yilning olti oyligida biz 232 ming tonna 183 million dollar miqdorida eksportni amalga oshirgan bo‘lsak, 2018-yilda 534 ming tonna 420 million dollarlik mahsulot eksport qildik. Bu esa 2,3 barobar o‘sish degani.
Eksport qilishdan maqsad — daromad ko‘rish
—Turli internet nashrlarida “O‘zbekoziqovqatxolding” kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “O‘zagroeksport” aksiyadorlik jamiyati faoliyatiga doir tanqidiy maqolalar tez-tez chop etiladi. Xususan, ularda “O‘zagroeksport” meva va sabzavot narxini o‘ta qimmat baholayotgani, buning natijasida esa tadbirkorlar arzonroq narxda mahsulotni chet elga eksport qila olmayotgani aytiladi. Mana shunday holatlarni qanday izohlaysiz?
—Biz jahonda meva va sabzavot eksporti bo‘yicha 5-o‘rinda turibmiz. Bu MDHda emas, Osiyoda emas, aynan jahonda. Bizning jahondagi pozitsiyamiz bor. Mahsulotning eksport narxini belgilashda jahondagi narxlar e’tiborga olinadi. Bozorda milliy mahsulotni mana shu narxlarda sotish imkoniyati bor. Aynan jahon bozoridagi narxlardan kelib chiqib, biz narx belgilash bo‘yicha tavsiya beramiz. Bir tup gilos daraxtini o‘tqazib, undan hosil olish uchun kamida besh yil vaqt kerak. Mana shu vaqt ichida uni parvarishlash kerak. Besh yildan so‘nggina undan mahsulot olib, daromad ko‘rish mumkin. Gilos yetishtirish uchun qancha pul ketgan? Kim so‘rayapti? Bugungi kundagi giloslarimiz vaqt o‘tishi bilan qariydi va meva berishi ham kamayadi. Buni kim o‘ylaydi? Eksportyorlar tannarx degan narsaga qiziqishi kerak. Agar dehqon mehnatidan daromad ko‘rmasa, u ertaga dehqonchilikka investitsiya kiritmaydi. Bizning eksportyorlar esa mahsulotni arzon olib, xorijga arzon sotishni o‘ylaydi. O‘ziyam daromad olmaydi, dehqongayam daromad keltirmaydi. Biz nima uchun mahsulotimizni xorijga olib borib, arzon narxga tashlab kelishimiz kerak?
Ko‘pchilik hozir eksport hajmi tushyapti, deb gapiryapti. Aslida eksport hajmi qariyb uch barobarga oshdi.
Eksport qilishdan maqsad — daromad ko‘rish. Chunki mahsulotni yetishtirishning o‘zi bo‘lmaydi. Yetishtirib bo‘lgandan keyin uni yaxshi narxda sotish kerak.
Meva va sabzavot ekkan dehqon undan qancha daromad olishini oldindan bilishi kerak. Uning uchun biz mahsulot narxini oldindan belgilashimiz lozim. Mana hozir piyoz bozorda 500 so‘m. Buning sababi esa mahsulot ko‘pligi.
Ayrim dehqonlarning g‘irromligi haqida
—Piyoz haqida gap ketganda, yana bir holatga izoh berib o‘tsangiz. “O‘zbekoziqovqatxolding” piyozni 1200 so‘mdan olayotgani haqida ma’lumot berildi. Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda kompaniya fermerlardan turli vajlar bilan mahsulotni sotib olmayotgani ta’kidlanmoqda.
—Bu to‘g‘ri. O‘sha bizdan piyozni xarid qilishmayapti, deb e’tiroz bildirayotganlarning hammasi olib-sotarlar. Biz ulardan emas, dehqonlardan, ularning uylariga dalalariga borib piyoz xarid qilyapmiz. Lekin piyoz ko‘p. Biz shuncha piyozning hammasini sotib ololmaymiz. Bu yerda yana bitta muammo bor: sifatsiz mahsulotni taklif qilish. Mahsulot ichiga maydalarini, ayrim hollarda tosh ham solishadi. Shuning uchun biz mahsulotni tekshirib olyapmiz. Shuning uchun piyoz xarid qilish jarayoni uzoqroq davom etyapti. Qopni ichiga trubani qo‘yib, ichiga mayda-chuyda, yaroqsiz mahsulotni solib, atrofini chiroyli qilib to‘ldirib qo‘yayotganlar ham bor. Menga telefon qilishadi “Tohir aka, piyoz olib kelishdi, piyoziga qarab bo‘lmaydi, mayda” deb. Aslida biz ularga 60 kalibrli hajmda bo‘lsin piyoz deb tushuntirganmiz. Piyozning yarmi standart talabiga javob beradi, yarmi javob bermaydi. Uni olib men nima qilaman? Moskvaga olib borib tashlab kelamanmi? Umuman olganda, hozirda kompaniya haqidagi tanqidlarni ham yaxshi tomonga qabul qilsa bo‘ladi. Eng muhimi, odamlar biz haqimizda gapira boshladi. Men tanqidni to‘g‘ri qabul qilaman. Salbiy fikrlardan hech qachon xafa bo‘lish kerak emas.
Bizning eksport salohiyatimiz, imkoniyatlarimiz katta. Faqat to‘g‘ri va halol mehnat qilishimiz kerak. Hamma narsani Rossiyaga olib borib tashlab kelishimiz kerak emas. Mana Xitoy bor, Hindiston bor.
—Narx belgilash siyosatini oddiy tilda tushuntirib bersangiz. Deylik, gilosning eng sarasi o‘zimining bozorlarda 18 ming so‘m, biroq uning eksport bahosi 32 ming so‘m. Ushbu narxni belgilashda qanday omillar hisobga olingan?
—Hozirgi kunda jahon bozorida gilosning o‘rtacha narxi 7 dollar. 7 dollarni sakkiz mingga ko‘paytirsangiz nechchi bo‘ladi? 56 ming so‘m. Biz 4 dollar baholadik. Endi 18 mingga gilosni olganimizdan keyin uni yaxshilab qadoqlash kerak, kalibrovka qilish kerak, yaxshi avtomobil yoki samolyotda iste’molchiga yetkazib berish kerak. Uni xorijda sotish kerak. U yerda ham kiradigan xarajatlari bor. Bularning hammasini hisobga olganda shu biz belgilagan narx chiqadi. 32 ming so‘mning ichida eksportyorning ham foydasi bo‘lishi kerak. Uni 18 ming olib, Toshkent viloyatidan Oloy bozoriga sotmayapmiz-ku?!
Kelgusi yilga yanayam qimmat qilamiz. Chunki bizning gilosning narxi kamida 7 dollar bo‘lishi kerak. O‘zbekistonda gilos pishgan paytida dunyoning hech bir mamlakatida gilos hali pishmagan bo‘ladi. Biz bu yilning o‘zida Xitoy kompaniyasi bilan kelgusi yil uchun 10 ming tonna gilos eksporti bo‘yicha shartnoma imzoladik.
O‘zbekiston xorijga uzum eksport qila boshlaydi
—O‘zbekiston joriy yilda xorijga avval eksport qilinmagan yangi mahsulotlarni xorijga eksport qilishni boshlaydimi?
—Biz yaqindan boshlab uzum eksportini yo‘lga qo‘yamiz. Kompaniya uzumning kilogrammi uchun 2 dollar narx belgiladi. Hozir bizning vazifamiz, ushbu belgilangan narxni qimmat ekan, arzon ekan, deb muhokama qilish emas, balki uni sotish. Tarmoqlarga borib, biz mana shunday qadoqlaymiz, shu tarzda olib kelib beramiz, deb muzokara o‘tkazishimiz kerak hamda shartnoma imzolashimiz kerak. Uzum pishganida faqat olib borib berish kerak, xolos. Uzum pishadi, bozorga olib boraman, degan narsani yig‘ishtirish kerak. Mana shu bizning maqsadimiz. Keyinroq, xurmo mavsumi boshlanadi. Bizning xurmomizdek xurmo hech qayerda yo‘q. Uni narxi 50 sent, ushbu ko‘rsatkichni hech bo‘lmasa 1,5 dollarga olib chiqishimiz kerak. Biz logistika nuqtayi nazaridan ham Xudoning nazari tushgan hududda joylashganmiz. Mamlakatimizning qulay geografik joylashuvi mahsulotni Kaliningrad va Irkutskka bir xil narxda olib borish imkoniyatiga ega. Boshqa davlatlar uyoqdan buyoqqa mahsulot olib kirgunicha, biz allaqachon sotib bo‘lamiz. Mana shunday imkoniyatdan ham foydalanish yo‘q. Dehqonlarni maqsadi mahsulotni Qo‘yliq bozoriga olib borib qo‘yish. Bunaqada bo‘lmaydi!
Guruch narxi nima sababdan ko‘tarildi?
—O‘tgan yillarda yoz mavsumida sun’iy shakar tanqisligi yuzaga keltirilgani bois, ushbu mahsulotning narxi ko‘tarilib ketar edi. Joriy yilda mana shu holatning oldi olindi. Shakar narxi joriy yilda ko‘tarilib ketmadi. Biroq, Ramazon oyi boshlanganidan keyin guruch narxi keskin ko‘tarilib ketdi. Buning sababi nima?
—Mahsulotning sotish mexanizmlari bor. Hozir 21-asrda turibmiz. Bozordagi narx-navoga ta’sir ko‘rsatuvchi asosiy narsa gap-so‘z. Mahsulot ko‘p. Hozir bizning omborlarimizda 100 ming tonnalab shakar turibdi. Uni birov olmayapti. Guruchnining ham endi mavsumi kelyapti. Ikkilamchi hosil yetilib, sotuvga chiqarilgach, sekin-asta narxi tushadi. Lekin guruchning ham tannarxi bor. Bizda shunaqa bir gap bor: “Dehqonchilik, beraver”, deyishadi. Dehqonning ham bahosi borku! U guruch yetishtirish uchun qancha mehnat qilgan, qancha pul sarflagan. Bizning asosiy maqsadimiz — dehqonlarimizning daromadini olishirishga erishish.
Izoh (0)