Nukus shahri yaqinidagi kotlovan hududidagi kichik ko‘llarda flamingo qushlari paydo bo‘ldi, deb yozmoqda O‘zA.
Flamingo qushlari Qoraqalpog‘istonning Sudochye, Jaltirbas ko‘llaridan qushlarning migratsiya davrida uchib kelgan.
— Men 20 yildan buyon shu yerda yashayman. Qushlarning har xil turlarini ko‘rganman. Lekin bu hududda shu yili birinchi marotaba flamingo qushlari to‘dasi paydo bo‘ldi, — deydi Trofim ismli yigit. — Hozirda u qushlar to‘dasi uchib ketdi, lekin ikkitasi qanotidan yarador bo‘lganligi uchun to‘dadan ajralib qolgan.
Qizilqum qo‘ynidagi Nukus shahridan 27 kilometr uzoqlikda joylashgan hududda qushlardan yovvoyi g‘oz, o‘rdak, qashqaldoq, birqozon, hayvonlardan tulki, quyonlarni ko‘plab uchratish mumkin. Flamingolar esa avval bu joylarga kelmagan.
Eng qizig‘i, flamingolar artemiyalar bilan oziqlanib, tanasiga yog‘ yig‘adi, natijada pushti rangga kira boshlaydi. Ular ayniqsa, ko‘payish vaqtida pushti rangga kirib jufti halolini topish, maftun qilish maqsadida artemiyani ko‘proq tanovul qiladi.
Izoh (0)